O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida yangi tayinlovlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2018 yil 18 maydagi buyrug‘iga asosan Kolenko Yevgeniy Vyacheslavovich O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Ye.Kolenko 1977 yilda tug‘ilgan, ma'lumoti oliy, huquqshunos. 1999 yilda Toshkent davlat yuridik institutini, 2013 yilda Bosh prokuraturaning Oliy o‘quv kurslarini tamomlagan.
Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 1999 yilda Chilonzor tumani prokuraturasida boshlab, Toshkent shahar prokuraturasi organlarida turli lavozimlarda, 2004 yildan boshlab, Bosh prokuratura boshqarma alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi, alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchisi, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2008 yilda "Jasorat” medali, 2017 yilda "Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan. 2017 yildan shu vaqtgacha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Shuningdek, Bosh prokurorning mazkur buyrug‘i bilan G‘ofurov Rustam Baxtiyarovich O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Rustam G‘ofurov 1983 yilda tug‘ilgan, ma'lumoti oliy. 2005 yilda O‘zbekiston milliy universitetini, 2011 yilda Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini, 2017 yilda Bosh prokuraturaning Oliy o‘quv kurslarini tamomlagan.
Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 2005 yilda Toshkent tumani prokuraturasida boshlab, Toshkent viloyat prokuraturasida turli lavozimlarda, Bosh prokuratura boshqarma prokurori, katta prokurori, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2017 yilda "Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. 2018 yildan shu vaqtgacha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.