Estradamizning betakror xonandasi Shahzoda ma'lumki, bir nechta mamlakatlarda shuhrat qozongan va taniqli xonandalar bilan qator duet taronalar ijro etib, dunyoning turli nuqtalarida istiqomat qiladigan insonlar qalbini zabt etgan. Ulardan biri turk xonandasi Sinan Akchil bo‘lib, bu ikki ijodkor 2015 yilning so‘ngida "Hirka” nomli duet taronasini taqdim etgan edi. Bu qo‘shiq nafaqat har ikki davlatda yashaydigan muxlislarni, balki, o‘zga yurtlardagi san'at ixlosmandlarini befarq qoldirmadi.
Sinan Akchil bir necha yillardan buyon Shahzodaning ijodini katta qiziqish bilan kuzatib keladi. Shahzodaning qo‘shiqlaridan ilhomlangan Sinan Akchil, uning repertuaridan bo‘lgan bir qo‘shiqni o‘z tilida ijro etish niyatida ekanini oshkor qildi. Shahzoda bilan bog‘lanib, unga bu taklifni kiritdi. Shahzoda bu taklifni rad etmay, aksincha qo‘llab-quvvatlagan holda qabul qildi. Uning ruxsati bilan Sinan Akchil "Ayrilamiz” taronasini turk tilida kuyladi. "Başka Şansın Yok” nomli bu kompozitsiya bugun klipi bilan namoyish etildi. Barchaga ma'lumki, Shahzodaning bir nechta qo‘shiqlarini Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Kavkaz orti mamlakatlari va boshqa davlat xonandalari o‘z tilida ijro etib kelishmoqda. So‘nggi yillarda, bu holat ko‘proq Ozarbayjonning taniqli xonandalari orasida kuzatilmoqda. Ular Shahzodaning ijodiga katta qiziqish bildirib, bir nechta qo‘shiqlarini o‘z tilida kuylashdi. Shular qatorida "Chicco” qo‘shig‘ini Reksane "Sensiz Catlar Ureyim” nomi bilan, "Shunchaki” qo‘shig‘ini Orxan Deni"Men Axi Sensiz” nomi bilan kuylagan qo‘shiqlarini keltirib o‘tishimiz mumkin. Sinan Akchil "Ayrilamiz” qo‘shig‘ini o‘z tilida ijro qilganidan so‘ng, muxlislarning taronaga bo‘lgan e'tibori yanada ortdi. Bildirilayotgan iliq fikrlardan xonandaning boshi ko‘kka yetmoqda. Muxlislar muhabbatini qozonayotgan bu tarona uchun Sinan Akchil Shahzodaga o‘z minnatdorchiligini izhor qildi. Biz uchun bu holat albatta quvonarli. Sababi, o‘zbek san'ati dunyo kezmoqda. O‘zbek san'atiga havas bilan qarashmoqda. Qo‘shiqlarimiz o‘zga yurtlarda xit bo‘lgani sabab, ular o‘z tillarida ham kuylashmoqda.