Shavkat oilada yolg‘iz o‘g‘il farzand. Kollejni bitirgach shahar markazidagi bir to‘yxonada mehnat qila boshladi. Tabiatan sodda, mehribon va saxiy yigit jamoada ham anchagina hurmat-e'tibor qozondi. Odatda o‘ta ishonuvchanlik va soddalik ham insonga ziyon keltiradi. Ish joyidagi turmushidan ajrashgan bir farzandli yolg‘iz ayolning nozu karashmalariga boshi aylanib, ayol makrining to‘riga ilindi-qoldi.
Ko‘r-ko‘rona uyg‘ongan "muhabbat” ularni yashirincha shar'iy nikoh o‘qitishga undadi. Shavkatni holi-joniga qo‘ymay, tezroq oila qurishga da'vat qilavergan Mohina shar'iy nikohni ham o‘zi topgan "diniy ulamo” orqali o‘qitdi.
Aslida uning maqsadi oila qurib baxtli bo‘lishmidi? Asl maqsad yigitdan o‘zining moddiy manfaatlari yo‘lida foydalanish va mahallada o‘zini erli juvon qilib ko‘rsatgan holda turli mish-mishlardan xalos bo‘lish edi. Shavkat Mohina bilan oila qurganini ota-onasidan sir tutish uchun o‘z uyida tunar, surunkali ish qoldirib, Mohinaning uyiga mehmondek kelib-ketardi. Mohina erining yo‘qligidan foydalanib, dugonasi Dilso‘z bilan tunda vaqtichog‘lik qilardi. Shavkatning xatti-harakatidagi o‘zgarishlar onani o‘ylantirib qo‘ydi. Farzandini uning hamkasblaridan surishtirib, kalavaning uchini topdi. O‘g‘lining bu noma'qul ishidan dili xira tortdi.
Yaxshi gap bilan farzandining ko‘ngliga qo‘l soldi, hammasini to‘g‘ri tushuntirdi, yaxshi yo‘lga boshladi. Shavkat endi voz kechay deganida ayolning ayyorona hiylalari fikrlarni chalkashtirib yuboraverdi. Shu zaylda olti oy o‘tdi. Sodda yigitning ishonchiga kirib olgan Mohinaning o‘rgangan ko‘ngli o‘rtanib qo‘ymadi. Bir xil chehra, bir xil gap-so‘zlardan zerikib qoldi chog‘i yana qizchasini onasiga tashlab kunlab bedarak ketib qolaverdi. Qizidan xavotirlangan onasi kuyovidan Mohinani uyga topib kelishini iltimos qildi. O‘zboshimchalik bilan tungi hayotga moslashib qolgan Mohina soxta erining tergashiga toqat qila olmadi. Borgan sari ularning munosabatlari sovuqlashib, ko‘ngil masofalari yiroqlasha boshladi. Dilso‘zning uyida yashab, begona erkaklar bilan tanishuvlar, uchrashuvlar va har kuni yangidan-yangi muhabbat hikoyalarini yarataverdi.
"Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqar” deyishadi. Xotinining xiyonatidan xabar topgan yigit undan ortga qaytishini so‘radi. Erining so‘roviga pinagini ham buzmagan Mohina "Qo‘lingdan kelganini qil, yoningga bormayman” deb jahl qildi. Shavkat endi Dilso‘zga qo‘ng‘iroq qilib "Dugonangga ayt, agar hozir uyga kelmasa, qizini olib chiqib ketaman. Qaytganida, qizchani ham qaytaraman” – deydi. Shavkatning jahlini jilovlay olmay, irodasizlik qilgani holiga voy bo‘ldi.
Yigitning tutgan yo‘li ishbilarmon oyimchalarga juda qo‘l kelib qoldi. Ular shu zahoti tuman IIBga bola o‘g‘irlangani haqida xabar berib, hammani oyoqqa turg‘azdi. Maqsad Shavkatning ustidan qilingan shikoyatni qaytarib olish evaziga mo‘maygina pulga ega chiqish edi. Ammo Mohinadan darak bo‘lmagach yana u bilan bog‘landi. Vaziyatdan xabar topib, qizchani sog‘-salomat uyiga qaytardi. Ammo endi holat ancha og‘ir. Unga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudida ko‘rib chiqildi. Ushbu holat bo‘yicha huquqiy baho berilib, adolatli ish yuritildi.
Shavkatning yoshligi, muqaddam sudlanmagani, mahalla fuqarolar yig‘ini va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi kafolat xati bergani, sudlanuvchining sudda faol ishtirok etgani hamda o‘z ixtiyori bilan bolani onasiga qaytargani sabab unga 1 yil qamoq jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchi sud yakunida o‘z ishidan pushaymonligi, qasddan bu jinoyatni sodir etmagani, aksincha rashk tufayli o‘zining nazoratini yo‘qotib qo‘yganini ma'lum qildi. Shuningdek, Mohina bilan ham rishtalarni uzdi.
Sud hukmida fohishalik bilan shug‘ullangan ayol, bunday qing‘ir ishga imkon yaratib bergan shaxslar va ikki yoshning qonuniy nikohi qayd qilingani haqida guvohnomasi bo‘lmasa-da, ularga shar'iy nikoh o‘qilganlik holati bo‘yicha tegishli mutasaddi organlarga taqdimnoma kiritilishi belgilandi.
– Haqiqatdan mazkur jinoyat bo‘yicha to‘plangan dalillar asosida jinoyat sodir etilgani o‘z tasdig‘ini topdi, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi sudyasi Muso Yusupov. – Qonunda ushbu holatlardagi jinoyatlar bo‘yicha 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilingan bir vaziyatda sodir etilgan jinoyat o‘z turmush o‘rtog‘ini topish maqsadida qilingani hamda jabrlanuvchining da'vosi yo‘qligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi, mahalla fuqarolar yig‘inining kafolatlari e'tiborga olindi va sud qonunda belgilangan jazoning eng kam muddatini belgiladi.
Hayotda o‘z yo‘lini topolmay, makkora ayolning hiylasiga uchgan yigit huquqiy madaniyatining pastligi, qonunni yaxshi bilmasligi va qiziqqonligidan bugun ota-onasi, yaqinlari mahalla-ko‘y oldida boshi egik. Tarbiyali bo‘lish, avvalo, inson aql-zakovatiga ham bog‘liq. O‘tkinchi hislarga berilib, o‘t bilan o‘ynashgan Shavkat o‘z kelajagiga ham zarar yetkazganini anglaganida kech bo‘lgan edi.
Shahnoza Nurullayeva,
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi
"Yoshlar media markazi” bosh reportyori.