12 dekabr – o‘zbek san'atining tom ma'noda yulduzi, xalqning otashnafas xonandasi, tildan dilga ko‘chgan qo‘shiqlar muallifi, O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova tavallud topgan kun.
Bu kun munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlar xonandaning suratlari va unga yo‘llangan tabriklar bilan to‘lib toshdi. Yulduzning yakkayu yagona qizi – Nilufar Usmonova va uning do‘stlari yarim tunda xonandani qutlashdi va bu lahzalar tasvirlangan videolar instagram orqali e'lon qilindi.
Fotograf Muhiddin Alining ma'lum qilishicha, AQSHning Indiana universiteti tomonidan 2015 yilda chop etilgan Markaziy osiyo musiqasiga oid "The Music of Central Asia" kitobining "Pop Music" bo‘limida O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning ijodiga alohida to‘xtalingan.
Faoliyatini Marg‘ilondagi ijodiyot uylaridan birida bolalar dutor ansamblida boshlagan kichkintoy Yulduz, keyinchalik Gavhar Rahimova, Saodat Qobulova kabi o‘zbek san'atning buyuk darg‘alari e'tiboriga tushadi va ularning yo‘l-yo‘riqlari, ko‘rsatmalari bilan san'atda o‘z o‘rnini topa boshlaydi.
Bugun mingga yaqin qo‘shiqlar, 50 ga yaqin audio va video albomlar, 300 dan ortiq konsert dasturlarini taqdim etgan Yulduz Usmonova tirik tarix, zamonaviy o‘zbek musiqasining afsonasiga aylanib ulgurgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
2007 yildan O‘zbekistonda konsert dasturlarini taqdim etmayotgan Yulduz Usmonova bu yillar oralig‘ida qo‘shni respublikalarda ham o‘z muxlislarini topishga ulgurdi. 2007 yildan Turkiyada faoliyat boshlab, bir muddat Istanbulda istiqomat qilgan xonanda turkiyalik taniqli san'atkorlar bilan bir necha duetlar kuylashga, 5 ta musiqiy albom chiqarishga ham erishdi.
"Sanamgina”, "Yigit yig‘lamasin”, "Asray bilgin”, "O‘zbekiston”, "O‘zingdan qo‘ymasin xalqim”, "Elim”, "Dadajon”, "Qo‘rqaman” kabi qo‘shiqlarning har birida Yulduzga xos shaddodlik, cho‘rtkesarlik aks etgan. Bu qo‘shiqlarda odamlarning o‘y-tashvishlari, orzu-umidlari, barhayot an'analari o‘z ifodasini topgan. Shuning uchun Yulduzning aksariyat qo‘shiqlari o‘z-o‘ziga haykal qo‘yishga, odamlar qalbidan mustahkam o‘rnini topishga ulgurgan. Bu haykalni unutib ham, sindirib ham bo‘lmaydi. U yillar o‘tgan sayin sayqal topib, qadri ortib boraveradi.