Shu yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov betobligi sabab davolanish uchun AQSHga jo‘nab ketgani haqida xabar qilgan edik.
O‘shanda, OAVga bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Muhammad Ismoil ma'lum qilgan edi.5 noyabr kuni Muhammad Ismoil o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali Abdulla Oripovning shoirning ahvoli og‘irlashgani haqida ma'lum qildi.
Xususan, Instagram’dagi sahifasi orqali "O‘zbekiston Qahramoni, Abdulla Oripovning Amerikada sog‘lig‘i og‘irlashdi...” deya xabar qoldirgan bo‘lsa, Facebook orqali barchani xalq shoiriga salomatlik so‘rab duo qilishga chaqirdi: "Assalomu alaykum ahli jamoa! Assalomu alaykum hurmatli yaxshilar! O‘zbek elining asl farzandi, mustaqil davlatimiz madhiyasining muallifi, zamonamizning Navoiysi, O‘zbekiston xalq shoiri, Davlat mukofotlari sovrindori, millatimizning faxri-iftixori, millatimiz ma'naviyatining eng katta ustuni, buyuk shoirimiz Abdulla Oripov mana bir necha o‘n kundan buyon bizdan minglab chaqirim olisda davolanmoqdalar.
Kelinglar, ulug‘ ustozimizni duo qilaylik. Hammamizning jonimiz omonat. Hammamizning bir nafasda yonib o‘chguvchi holimiz bor. Bugun bormiz, ertaga bormizmi, yo‘qmizmi, yolg‘izgina Yaratgan parvardigorimizgagina ayon.
Bu hol, ayniqsa, xasta va zaif, bemor chog‘larimizda yaqqol bilinadi. Kelinglar, bugun mana shunday bemor bo‘lgan buyuk ustozimizni, o‘z she'rlari bilan yuragimizda bir umr mash'al yoqib kelgan, ongimizda inqilob tuyg‘usini uyg‘otgan, o‘zbekday buyuk xalq kim ekanini tanitgan, millat degan qutlug‘ kalom nima ekanligini anglatgan alloma shoirimizni duo qilaylik”, deb yozadi Muhammad Ismoil.
"Birgina so‘z bilan bo‘lsa ham ulug‘ ustozimizni duo qilishingizni o‘tinib, yolvorib so‘rayman. Yaratgan yagona Ollohim! Ulug‘ ustozimizning umrini uzoq qil!”, deb qo‘shimcha qiladi u. Shuningdek, bir necha soat avval Abdulla Oripovning qizi Yulduz Oripova ham o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali otasiga salomatlik tilab, shunday yozadi: "Otajonim. Bog‘im meni, tog‘im meni. Dardim, hasratim. Osmonim, yerim. Meni dunyoim. Kalbim, yuragim meni.
Siz albatta shifo topasiz....” Ma'lumot uchun, shoir o‘tgan yili ham AQSHda davolanib qaytgan edi. Fursatdan foydalanib, portalimiz nomidan O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning so‘g‘ayib ketishini tilab qolamiz.