
Murojaatlaringizga advokat Nafisa IBRAGIMOVA hamda Mirobod tumani hokimiyati Moliya bo‘limi mahalla inspektori Nodir ZOIDOV javob berishadi.
Eslatib o‘tamiz, mutaxassislar izohi tavsiyaviy xarakterga ega.
«AMAKIMGA INSOF BERSIN!»
— Otam vafot etgan. Bobomning nomida bo‘lgan uyda amakimning oilasi bilan birga yashaymiz. Uy «propiska»sida bo‘lsak ham u kishi bizni ko‘chaga haydayapti. Turar-joy unga tegishli ekan. Uning bunga haqi bormi?
Maftuna Eshmurodova, Surxondaryo viloyati
— Uy mulkdori, ya'ni bobongiz vafot etgan bo‘lsa, otangizning o‘limidan so‘ng siz unga tegishli bo‘lgan ulushga nisbatan merosxo‘r hisoblanasiz. Bunday holatlarda boshqa merosxo‘rlar bo‘lmagan taqdirda, amakingiz bilan teng barobar mulkdor sanalasiz. Bordi-yu, bobongiz hayot bo‘lsa, siz va oila a'zolaringiz uy ro‘yxatida bo‘lganingiz bois, turar joydan doimiy foydalanish huquqiga egasiz.
«BOLALAR KIMGA QOLADI?»
— Xotinim bilan ajrashayapmiz. 10, 11 va 12 yoshdagi farzandlarimiz bor. Ajrim masalasi hal etilayotganda bolalar kimda qoldiriladi?
Odil Diyorov, Samarqand viloyati
— Voyaga yetmagan farzandlar kimning tarbiyasida qolishi ajrashayotgan er-xotin tomonidan hal etiladi. Er yoki xotinning tarbiyasida qolgan farzandlarni, ikkinchi tomon, o‘zaro kelishuv asosida, kelishuvga erishilmagan holatda esa, sudning hal qiluv qarori bilan belgilangan tartibda tarbiyasida ishtirok etishi mumkin.
«ISH JOYIDA OLINGAN JAROHAT KIMNING BO‘YNIDA?»
— 2006 yili ish payti avtohalokatga uchrab, jarohat olganman. Shuni deb hozir nogiron bo‘lib qoldim. Eshitishimcha, bunday vaziyatlarda xodim yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya so‘rashga haqli ekan. Oradan shuncha yil o‘tib endi ham zararni undirish da'vosi bilan murojaat qilsam bo‘ladimi?
Ismi sir tutildi.
— O‘z mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan yetkazilgan har qanday (shu jumladan, ma'naviy) zararni ish beruvchi to‘liq hajmda to‘laydi. Fuqaro jarohatlanganda yoki uning sog‘ligiga boshqacha shikast yetkazilganida jabrlanuvchi oladigan yoki muayyan ravishda olishi mumkin bo‘lgan yo‘qotilgan ish haqi (daromadlari), shuningdek salomatligiga shikast yetkazilishi tufayli qilgan qo‘shimcha harajatlari, shu jumladan davolanish, qo‘shimcha ovqatlanish, dori-darmonlar sotib olish, protez qo‘ydirish, birovning parvarishida bo‘lish, sihatgohlarda davolanish, maxsus transport vositalarini sotib olish, boshqa kasbga o‘tish harajatlarining o‘rni qoplanishi lozim. Fuqarolarning hayotiga va sog‘ligiga yetkazilgan zararni to‘lash haqidagi talablarga da'vo muddatlari joriy etilmaydi.
«TAYYORLOV KURSIDA O‘QISAM MAOSH OLAVERAMANMI?»
— Xodim qayta tayyorlov kurslarida o‘qisa, ish haqi saqlanib qoladimi yoki yo‘q? Ish joyimdan surishtirsam, tahsil olayotgan davr uchun maosh olmaysiz, deyishdi. Aslida ham shundaymi?
Shohida Yunusova, Toshkent shahri
— Savolingizda nazarda tutilayotgan qayta tayyorlov kurslarida o‘qish uchun xodim, bevosita ish beruvchining bo‘yrug‘i asosida yo‘naltirilgan bo‘lsagina ish haqi saqlanib qolinadi.