Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Afg‘onistonda inklyuziv hukumatning shakllanishida yordam ko‘rsatishi kerak. Bu haqda Afg‘oniston milliy qarshilik fronti yetakchisi kichik Ahmad Mas’ud Hirot sobiq hokimi Ismoil Xon bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb xabar beradi Asia-Plus.
Uchrashuv 6-noyabr kuni Eronning Mashhad shahrida bo‘lib o‘tgan. Aynan shu kuni toliblar vakili Zabihulla Mujohid PCE/PC afg‘on xizmatiga bergan intervyusida "Tolibon” barcha qo‘shni davlatlar, ayniqsa, Tojikiston bilan yaxshi munosabatlarni o‘rnatishga urinayotganini ma’lum qilgan.
"Hukumatimiz afg‘onlarning rivoji uchun iqtisodiy sohada ham, transport sohasida ham hamma bilan hamkorlik qilmoqchi. Ayniqsa, biz Tojikiston bilan yaxshi munosabatda bo‘lishni istaymiz, jumladan, savdo sohasida, shuningdek, ushbu mamlakatni tashvishga solayotgan boshqa yetakchi sohalarda ham”, — deydi u.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2021-yilning yanvar—sentabr oylari davomida 76,7 million dollarni tashkil etgan.
Tojikiston — Markaziy Osiyoda "Tolibon”ga nisbatan murosasiz pozitsiyani egallagan yagona davlat. Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon toliblarni Afg‘onistondagi tojiklarning huquqlarini mensimaslikda tanqid qilgan va mamlakatda faqat inklyuziv hukumat tuzilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Tarkibiga tojiklar, hazoralar va o‘zbeklar kiradigan Afg‘onistonda inklyuziv hukumatni shakllantirish masalasini Emomali Rahmon Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan 17-sentabr kuni Dushanbeda o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilgan edi. Aynan o‘shanda Tojikiston prezidenti ham qarshilik va "Tolibon” vakillari o‘rtasida Dushanbeda muzokaralar tashkil etishda yordam berishini aytgan, biroq hozircha bu tashabbus ishlab chiqilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 23-sentabr kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 76-sessiyasida so‘zlagan nutqida Afg‘onistonda saylovlar o‘tkazish va barcha etnik guruhlar vakillari, jumladan, afg‘onistonlik tojiklar ishtirokida keng qamrovli hukumat tuzishga chaqirgandi. Uning fikricha, Afg‘onistonning barcha aholisi manfaatlarini hisobga olmasdan tuzilgan har qanday hukumat halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, Rahmon Afg‘oniston hududida xalqaro terrorizmning qayta tiklanishi xavfidan ogohlantirgan.