Xabaringiz bor, 2016 yilda Rio-de-Janeyroda XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
2016 yilning 5-21 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan ushbu sport o‘yinlarida dunyoning 207 mamlakatidan tashrif buyurgan sportchilar o‘zaro bellashgan edi.
Xususan, O‘zbekistondan ushbu olimpiadada 70 nafar sportchi qatnashib, Rio Yozgi Olimpiada O‘yinlarida tarixiy natija qayd etdi va 4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi
Biz bugun ayni maqola orqali hamyurtlarimizning g‘alabalari haqida so‘zlashmoqchi emasmiz. Aksincha, yozgi Olimpiada o‘yinlari o‘tkazilgan hududning bugungi holati haqida so‘z ochmoqchimiz.
Aslida, yozgi Olimpiada o‘yinlari Rio-de-Janeyroning 32 ta sport majmuasida o‘tkazildi. Bundan tashqari Braziliyaning 5 ta shahrida 5 ta stadionida futbol matchi turnirlari o‘tkazildi.
Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik chog‘ida mamlakatda 9 ta inshoot aynan yozgi Olimpiada uchun qurildi. 8 ta ob'yekt ta'mirdan chiqarildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Rio-de-Janeyrodagi muhtasham "Marakana” stadionida bo‘lib o‘tgan tadbirda 207 ta mamlakat sportchilari va delegatsiya a'zolari ishtirok etdi.Tadbir ushbu stadionda start oldi.Aytish lozimki, Olimpiada o‘yinlarining tashkillashtirilishi va o‘tkazilishiga baho beruvchi ekspertlar, Braziliyada mezbonlarni kutib olishga katta tayyorgarlik ko‘rilganini e'tirof etishgandi.
Hozir 2017 yilning fevral oyi. XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari o‘tkazilganiga 6 oy to‘ldi. Biroq ayni vaqtda Braziliyada 207 mamlakatdan kelgan sportchilarni o‘z ichiga sig‘dirgan va turli musobaqalar o‘tkazilgan stadion, boshqa sport inshootlarining hozirgi kundagi holati kishida zavq, xursandchilik va hayrat xislarini uyg‘otmaydi. Rio-2016 tadbirlari o‘tgan sport inshootlari ayni vaqtda ayanchli ahvolda.
6 oy avval barchaning ko‘zini quvnatdan manzaradan, afsuski, asar ham qolmagan.Ma'lum bo‘lishicha, Olimpiada o‘yinlarini o‘tkazish Braziliyaga 9,77 milliard AQSH dollariga tushgan. Shu sababli ham Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimidan avval, mamlakatda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan ekan. Biroq bu haqda OAVda ortiqcha ma'lumot berilmadi.
Olimpida saylgohi, suzish havzalari, futbol maydonlari, golf maydonchalari juda ko‘rimsiz holatda.Futbol maydonlarida chim yo‘q, suzish havzalaridagi suv o‘sha holatda qolib ketgan yoki yomg‘ir yog‘ib, havzadagi suv sariq tusga kirgan. Voleybol, basketbol, futbol maydonlaridagi tomoshabinlar o‘tiradigan o‘rindiqlar yo‘q, bori ham siniq. Sayyohlarga, tadbir qatnashchilariga yo‘l ko‘rsatuvchi belgilar temirdan ishlanganiga qaramay, yerda buklanib yotibdi. Binolar atrofiga yopishtirilgan, tikilgan sun'iy devorlarning ko‘chishi va yirtilishi, ta'mirlangan binoning asl ko‘rinishini "oshkor” etib qo‘ygan...Yodingizda bo‘lsa, Braziliyada 2014 yil futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazilgandi. Bu tadbir ham mamlakat g‘aznasini bir necha milliard AQSH dollariga kamaytirdi. Aslida, o‘sha davrdayoq mamlakat aholisi orasida katta norozilik kuzatilgandi. Olimpiada o‘yinlari Braziliyaning moddiy bazasiga ikkinchi katta "zarba” bo‘ldi.
Olimpiada-2016 ning o‘tkazilishi bo‘yicha aholining noroziligiga qarshi Braziliya xukumati tadbir o‘tkazilishida sarflanadigan mablag‘ mamlakatga tashrif buyuradigan sayyohlardan tushadigan mablag‘ bilan qoplanishini aytgandi. Biroq millionlab sayyohlarning tashrifi ham ketkazilgan mablag‘ning hech bo‘lmaganda yarmini qoplay olmagan ko‘rinadi.
O‘tgan haftada, Braziliyada 2016 yilning eng katta sport tadbiri o‘tkazilgan volleybol stadionida musobaqa o‘tkazildi.Ushbu musobaqada ishtirok etgan qatnashchilar davlat pullarining havoga sovurilganiga achinib, dahshatli manzara aks etgan suratlar bilan ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar qilishdi.Hozircha, Braziliya xukumati tomonidan ushbu masalaga nisbatan rasmiy javob yoki fikr aytilmadi. Biroq xalqaro OAV hukumat aholining shu va shu kabi savollariga tez orada javob qaytarishidan umidvor.
Mashhur sportchilar yetishib chiqqan, yozgi Olimpiada o‘yinlaridek katta miqyosdagi o‘yinni tashkillashtirgan va o‘tkazgan Braziliyadagi bu holat tez orada tiklanadi, ta'mirlanishiga ishongimiz kelayapti...