Muchal yil hisobi haqida
Muchal 12 hayvon nomi bilan ataladigan yil hisobi bo'lib,qadimda yaponlar,koreyaliklar,mo'g'ullar,xitoylar va turk xalqlari ko'p asrlar davomida shu hisobga amal qilganlar. 12 muchal yili haqida Abu Rayhon Beruniy, Ulug'bek asarlarida ham ma'lumotlar bor.
Muchal kalendari 22-martdan boshlanadi. Yanvar,fevral va 21 martgacha bo'lgan davr oldingi muchal yili hisobiga kiradi.
Odam yoshini muchal yil bilan hisoblaganda hisobga yana bir yil qo'shiladi. Odam yoshi ona qornidaligidan boshlab hisoblanadi.
O'n ikki yillik muchal kalendari quydagi tartibda hisoblanadi: birinchi yil - sichqon (mush), ikkinchi yil - sigir (baqar), uchinchi yil - yo'lbars (palang), to'rtinchi yil - quyon (xargush),beshinchi yil - baliq (nahang), oltinchi yil - ilon (mor), yettinchi yil - ot (asp), sakkizinchi yil - qo'y (go'sfand), to'qqizinchi yil - maymun (hamduna),o'ninchi yil - tovuq (murg'), o'n birinchi yil - it (sak) va o'n ikkinchi yil - to'ng'iz (ho'k)
Sichqon yili (1972, 1984, 1996, 2008, 2020 yillar)
Ushbu muchalda tug'ilganlar tashqi qiyofasidan yoqimli, jozibador, sobitqadam, mehnatsevardirlar. Bir qarashda xotirjam va bosiq ko'rinsalar-da, unga ishonmaslik kerak. Chunki ular asabiyligi-u tajovuzkorliklarini yashirib turishadi. Bu yilda tug'ilanlar tejamkor, boylik yig'ishga ixlosmanddir. O'zlari yoqtirgan odamlargagina qo'llari ochiq. Chaqma-chaqarlikni xush ko'rishadi, fisqu-fujurdan hazar qilishmaydi, shu bois haqiqiy do'stlaridan ko'ra tanish-bilishlari ko'p. Hech qachon hech kimga ishonishmaydi, g'am-tashvishlarini tanholikda o'zlari tortadilar. Ular kelajaklaridan tashvishlanib, keksayganda birovga qaram bo'lmaslik uchun, tejab-tergashni hamisha orzu qilishadi. Jismoniy ishlardan ko'ra aqliy mehnat bilan bog'liq ishlarni bajonudil bajarishadi. Baxtga qarshi yiqqan pullarini orqa-oldiga qaramay shu zaxotiyoq sarf qilishadi. Ular keksayganda tinch hayot kechirishadi.
|