National Grid xabariga ko‘ra, o‘tgan 2019-yil Buyuk Britaniya uchun energetik jihatdan eng musaffo yil bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, Britaniya musaffo energiya sohasidagi tarixiy marrani zabt etgan. 2019-yilda birinchi marta mamlakatda ishlab chiqarilgan uglerodsiz energiya miqdori an’anaviy qazilma yoqilg‘i evaziga ishlab chiqariladigan energiya miqdoridan oshib ketdi.
Britaniya 2050-yilga borib 1990-yildagiga nisbatan chiqindi gaz tashlash miqdorini 100 foizga qisqartirmoqchi. Bu maqsad yo‘lida atmosferaga uglerod oksidlari tashlanishiga olib keladigan energiya ishlab chiqarish turlaridan bosqichma-bosqich voz kechilishi ko‘zda tutilgan. 1990-yil va 2050-yilning qoq o‘rtasida turib, nihoyat birinchi marta, chiqindi gazsiz, musaffo energiya ishlab chiqarish hajmining an’anaviy ko‘mir, torf, gaz va boshqa qazilma yoqilg‘i yoqilishi evaziga ishlab chiqarilgan energiya hajmidan ziyoda bo‘lishi, "tarixiy natija” deb baholangan.
Xabarda aytilishicha, butun 2019-yil davomida Britaniya mamlakatlarida iste’mol qilingan energiya hajmining atigi 43 foizi qazilma yoqilg‘i yonishi evaziga olingan. Yana 8,5 foiz energiya miqdorini biomassa orqali hosil qilingan. Qolgan 48,5 foiz energiya hajmi esa shamol va Quyosh elektr stansiyalari, hamda, yadro energetikasi hissasiga to‘g‘ri keladi.National Grid bosh direktori Jon Pettigryu bu borada o‘z hayajonini yashirmagan va "Ushbu tarixiy lahzada, nimalarga erishganligimizni mulohaza qilib ko‘rishimiz mumkin”, deya ta’kidlagan. So‘zining davomida u "musaffo energetikaga o‘tish jarayoni biz uchun xavfsiz va ishonchli energetika tizimi barpo qilish yo‘lida bu muhim ahamiyat kasb etadi”, deb fikr bildirgan.
Yil yakunlariga bag‘ishlangan hisobotda National Grid "nol chiqindili” energetika sohasini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 milliard funt-sterling investitsiya ajratilishini e’lon qilgan. Ular 2025-yilga borib atmosferaga mutlaqo uglerod oksidlari chiqarmaydigan energetika tizimi barpo qilmoqchi.