• Merganlar - O'zbek Tilida
  • Zulmatdan Ovoz - O'zbek Tilida
  • Hevenhyorst - O'zbek Tilida
  • Yitqichni Izlab - O'zbek Tilida
  • Bo'rilar Jasorati - O'zbek Tilida
  • Yalmog'iz Dunyoni Qutqaradi - O'zbek Tilida
  • Ilonli Botqoq - O'zbek Tilida
  • Begona - O'zbek Tilida
  • Vahshiy Ona - O'zbek Tilida
  • Uddalab Bo'lmas Topshiriq 7 - O'zbek Tilida
  • Kompaniya - O'zbek Tilida
  • Hech Kimga Aytma - O'zbek Tilida
  • Najot Tongi - O'zbek Tilida
  • Stoun Yuragi - O'zbek Tilida
  • Avlod - O'zbek Tilida
  • Berkin - O'zbek Tilida
  • Solomon Keyn - O'zbek Tilida
  • Raketachilar Klubi - O'zbek Tilida
  • Enaga - O'zbek Tilida
  • Meg 2 - O'zbek Tilida
Наш опрос
YOSHINGIZ?
Всего ответов: 1361
Статистика


Яндекс.Метрика


Сейчас онлайн: 15
Гостей: 15
Пользователи 0

faxriddin
Tre
Submarine
Sher80
Tohirjon
hbahodir1980
Umida4008
17797
Nodirjon
Yagshisaxet
Главная » 2018 » Dekabr » 11 » Mehri Bekchanova Biografiyasi
16:18
Mehri Bekchanova Biografiyasi

Galdagi qahramonimiz o`zini teatrga bag`ishlagan va san`atdan ikki karra baxt topgan baxtli ijodkor, O`zbekiston xalq artisti Mehri BEKChANOVA. Aktrisa ortga nazar tashlab, umr va hayot yo`lini yodga oldi...

"To`laqonli oilada yashash baxtidan judo qilgan..."

— 1962 yil 1 yanvarda Namangan viloyati Pop tumanida tu­g`il­ganman. Rahmatli otam G`ulomjon Hojimatov oddiy ishchi bo`lgan, insultga chalinganidan so`ng nogironlik nafaqasiga chiqqan. Onam Aziza Otajonova kolxozda ishlagan, hozirda nafaqada. Oilada uch farzandmiz, ikkita ukam bor. Tabiatan o`g`il boladek fe`lim bor, shaddodman. Taqdir taqozosi bilan ota-onamning turmushi bo`lmagach, onamning ota-onasi qo`lida katta bo`lganman. Buvam temirchi edi, yonida shogirdidek turib, o`g`il bola qiladigan ishlarni ham bajaraverardim. Hatto meni "Mehrillo, o`g`lim”, deb chaqirardilar (kuladi). Bolalarcha fikrlab, otam va uning qarindoshlariga nafrat ko`zi bilan qarardim. Onamning qiynalganini ko`rganim uchunmi ajrashishgani ruhiyatimga qattiq ta`sir qilgan. Institut talabasi bo`lgan kezlarim buvam "O`g`lim, avvalo otangizni, buva-buvingizni ko`rib keling. Ular ham sizni sog`inishadi”, deb borishga majburlardilar. Birga yashamaganimiz uchun otam meni "Mehrixon, qizim”, deb sizlab gapirardi, bundan esa g`azab otiga minardim, g`ashim kelardi. Ota mehri, to`laqonli oilada yashash baxtidan judo qilgani uchun ham otamni yomon ko`rardim. Ulg`aygach, bolalarcha fikrlab xato qilganimni tushunganman.

— 1969 yil Lunacharskiy nomli 1-o`rta maktabning birinchi sinfiga qadam qo`y­ganman. Bu maktabda 4-sinfgacha o`qiganman. Boisi, bir nechta mahalla uchun yangi maktab qurilgan. Va mahallamizdagi yoshlarni Nazarali Niyozov nomidagi 40-o`rta maktabga o`tkazishgan. A`lochi, eng faol o`quvchilardan biri bo`lganman. Maktabimizdagi "Nihol” nomli san`at­ to`garagiga ham a`zo edim. Hamma tadbir, tanlovlarda doim birinchi o`rin menga nasib qilgan, hatto respublika bosqichigacha etib borganman. Yodimda, televidenie shu ansamblimiz haqida teleocherk tayyorlaganida uchta qo`shig`im bilan ishtirok etgandim. Direktorimiz meni "Maktabimiz yulduzi” derdi (kuladi). Meva va paxta terimlariga borganimizda, oshpazlik doim mening chekimga tushardi. Katta doshqozonda ovqat tayyorlardim.



Ona tili va adabiyoti fani o`qituvchisi, ustozim Salomatxon Dehqonovaning kiyi­nishi, soch turmagi, yurish-turishidan to dars o`tishigacha havas qilib, "Katta bo`lsam, albatta, o`qituvchi bo`laman”, deb niyat qilardim. Dars bir nafasda o`tardi, nazarimda tez tugab qolgandek tuyulaverardi. Ustozim uy vazifalarni tekshirish uchun daftarlarni menga ishonib berib yuborardi, o`qituvchilikka ixlosim baland edi-da. Keyinchalik san`at tarozi pallasini bosib, rejalarim o`zgarib ketdi.

Bir yili bizning "v” sinfni ikkita sinfga bo`ladigan bo`lishganida, dugonam Gulnora Qahhorova "a” sinfga o`ting, hamma a`lochilar birga o`qiymiz”, deganida fikrini ma`qullagandim. Shunda "v” sinfdagi sinf rahbarim chaqirib, "nega "a” ga o`tib ketding, o`zimizga qaytgin”, deganida er chizib turganman. Shunda sinfdoshlarim singari ustozim ham mendan ranjib, "bor, chiqib ketaver”, degandi. O`shanda ularni xafa qilib qo`ygandim. Intizomli o`quvchi bo`lsam-da, bir marta shumlik qil­ganman. Qaysidir yili qish juda sovuq kelganida, sinfdoshim Gulnora bilan shumligimiz tutib, birgalikda "Nazarali Niyozov nomli 40-sonli muzlatkich”, deb sarlavha qo`yib, e`tirozlar "guldasta”si bilan to`lgan devoriy gazeta tayyorlab, maktabning kiraverishiga ilib qo`yganmiz. Direktor surishtira-surishtira oxiri maqola mualliflari biz ekanimizni bilgan va rosa tanbeh bergandi. Lekin shumligimiz ortidan maktabni isitish tizimini ta`mirlab berishgan (kuladi).

O`quvchilik davrimda o`ksinishimga sabab bo`ladigan holatlar juda ko`p bo`lardi. Maktabdagi ansambl qizlari bilan bir xilda oyoq kiyim olmoqchi bo`lganmiz. Otamning oldiga borib, 1 so`m 40 tiyin so`raganimda, "Pul yo`q edi-da”, degan. Xo`rligim kelib, uyga borib, buvamning ko`ksiga boshimni qo`yib yig`laganman (ko`ziga yosh oldi). Sinfdoshlarim 5 tiyinlik "pirojki” eyishsa, havasim kelib, otamdan pul so`rasam, yana o`sha gapni eshitardim. Otam­ning uyi maktabimizning oldida edi-da. Shu kabi holatlar bo`lganida yum-yum yig`lardim. Hozir mulohaza qilsam, o`sha vaqtda otamni haqiqatda puli bo`lmagan. Chap oyoq-qo`li ishlamaydigan otam nogironlik nafaqasini kutib o`tirardi. Bolalarcha o`ylaganman-da, hozir "bekor xafa bo`lganman”, deya o`zimni koyiyman.




"Baxtiyor Ixtiyorov kursiga qabul qilishni istamagan"

— 7-sinfda o`qib yurgan kezlarim, maktabimizga Toshkentdan O`zbekiston xalq artisti Farog`at Rahmatova kelgan. Rayon rahbarlaridan biri Farida Ibrohimova "40-maktabdagi iste`dodli qiz — Mehri Hojimatovaning ovozini bir eshiting”, deb maktabga boshlab kelgan. Farog`at opaga Sultonposhsha O`daevaning "Oltin qo`llar”, "San`at — saodatim” qo`shiqlarini kuylab berganimda, "Ovozing yaxshi ekan. Senga maslahatim poytaxtga borib, Toshkent teatr va rassomlik san`ati institutida o`qigin! Nasib qilsa, shogirdim bo`lasan”, deb maslahat bergan. Ustoz san`atkor bilan uchrashganimdan hayajonlanib, kechalari bilan uxlolmay chiqqanman. Xayolan har kuni Toshkentda yurardim (miriqib kuladi). 1979 yil 10-sinfni a`lo baholar bilan tamomlaganimda kasb borasidagi tanlovim aniq edi. Toshkentga ham otam olib borolmagan, "Kim olib boradi, bir o`zim qo`rqaman”, deb yig`laganman. Shunda rahmatli Mo`minjon tog`am "O`zim olib boraman”, degan.

Maktabimizdagi ona tili va adabiyotidan dars beradigan ustozimiz xat yozib qo`limga tutqazib, "Do`stim Haydarali Uzoqov o`sha institutda ona tilidan dars beradi. Xatni do`stimga bergin, yordami tegadi”, degan. Haydarali domlani ko`rganman, lekin xatni berishga uyalganman. Imtihonlardan muvaffaqiyatli o`tib bo`lgachgina xatni ko`rsatganimda, "Nega avvalroq bermading? Mayli, muhimi o`z kuching bilan o`qishga kirib olding!” degandi.

Baxtim shundaki, O`zbekiston xalq artistlari Baxtiyor Ixtiyorov, Husan Sharipovning kursida o`qish nasib qilgan. Keyin eshitishimcha, to`lachadan kelganim uchun Baxtiyor aka kursiga qabul qilmoqchi bo`lmagan. Vokaldan dars beradigan domla Asad Azimov ovozimni eshitib ko`rib, "Kelajakda zo`r san`atkor bo`ladi. Muqimiy nomidagi o`zbek davlat musiqali teatri uchun ham tayyor kadr”, degan. Shu gapdan so`ng ovozim uchungina Baxtiyor aka Musiqali teatr aktyori fakultetiga o`qishga qabul qilgan. O`qish boshlangach, tinmay jismoniy tarbiya bilan shug`ullanib, havas qilgulik qomatga ega bo`lganman. O`qishga kirgan yilim an`anaviy ijrochilik, maqom kafedrasi ochilgan. Yana bir omadim — ham vokal, ham maqomdan pedagoglar Sulaymon Taxalov, Oynisa Kuchlikova, Ishoq Kataev, Kommuna Ismoilova, sahna nutqidan esa Zuhra Olimjonovadan dars olganmiz. Leningraddan pedagoglar kelib, imtihon olishardi, maqtov eshitardim.

Institutdagi besh yillik o`qishdan so`ng ustozimiz Baxtiyor Ixtiyorov kursimizni "guldasta” qilib, Muqimiy nomidagi o`zbek davlat musiqali teatriga ishga olib borgan.




"O`zimni kinoga urmaganman"

— Yoshligim teatrda katta-katta rollarni ijro etish bilan o`tgani bois o`zimni kinoga urmaganman. Shu sabab kinoga o`rta yosh vaqtimda kirib keldim. "Otalar so`zi – aqlning ko`zi” ko`rsatuvida turmush o`rtog`im Aleksandr Bekchanov bilan rollar ijro etganmiz. Buning uchun ustozimiz Mirabbos Mirzaahmedovdan juda minnatdormiz. Keyin rejissyor Mashrab Yunusovning olti qismli "Jaloliddin Manguberdi” telefilmida Mehrijahon rolini o`ynaganman. "Tog`li kuyov” filmiga esa tasodifan tushib qolganman. Bilishimcha, rollarga ­Sai­da­ Rametova va Muqaddas Xoliqova tasdiqlangan, biroq ularning vaqti to`g`ri kelmagan. Shu bois rejissyor Mashrab Kimsanovning tanlovi men va Barno Qodirovada to`xtagan. So`ng "Jahon otin Uvaysiy” telefilmida salbiy rol Nozikshoh nasib qilgan. Rejissyor Ahad Farmonovning "Muhabbatimsan” filmida ham ona rolini ijro etdim.

Bu yil esa sermahsul ijod qildim. "Tugun”, "Saodat”, "Dugonajonlar” se­riallarida band bo`ldim. Rejissyor Jahongir Qosimovning "Nazira” filmida rol o`ynadim. Nasib bo`lsa, ketma-ket bari tomoshabinlarga namoyish etiladi.

"Teatr komediyadan iborat emas-ku"

— Ma`lum vaqt spektakllarda ommaviy sahnada chiqib yurdim. Keyin­ Baxtiyor aka "Layli va Majnun” spektaklini sahnalashtirganida bosh rol — Laylini ijro etganman. Shundan so`ng ustoz o`n besh yil ketma-ket bosh rollarni ishonib topshirgan. Teatr borasida menga yoqmaydigan jihat bu — so`nggi vaqtlarda dramaturglarimiz zamonaviy asarlar yozishni boshlagandi. Spektakl uchun ariyalar zo`rma-zo`raki yoziladigan bo`lib qoldi. "Yuk”i bor asarlarda rol ijro etib, aktyor sifatida shakllanganimiz bois, mumtoz asarlarni teatr uchun zaruriyatini chuqur anglaymiz. "Bobur sog`inchi”, "Farhod va Shirin”, "Nodirabegim” kabi spektakllar repertuardan olib tashlanganida xafa bo`lganman. Bu spektakllar sahnaga chiqqunga qadar yaxshigina mehnat sarflangan, axir. Teatr komediyadan iborat emas-ku! Shukr, vaqt o`tib, Birinchi Prezidentimizning qarorlari bilan mumtoz asarlarimiz yana sahnaga qaytdi. "Tohir va Zuhra”, "Layli va Majnun” spektakllari qayta sahnalashtirildi. Yosh tomoshabinlarimiz bunday asarlardan bahramand bo`lishi shart. Teatrimiz avvalgidek zax-sovuq, tomidan chakka o`tadigan emas. Hozir kapital ta`mirdan chiqib, o`zgacha ko`rinish kasb etgan. Orkestr uchun ajratilgan joy kengaytirildi, yangi pardalar ilindi, sahna ta`mirlandi. Grim xonalarimiz ham jihozlanish arafasida. Qisqasi, ijod qilishga ham, undan bahramand bo`lishga ham barcha sharoitlar bor.

"Sahnadagi muhabbat, hayotga ko`chgan"

— Turmush o`rtog`im Aleksandr Bekchanov bilan tanishuvimiz qiziq kechgan. U kishi mendan bir yosh katta bo`lsa-da, bilim yurtini tamomlab, institutga kirgani uchun mendan bir kurs pastda o`qirdilar. Kimnidir izlab, Sasha akaning kursi etyud repetisiya qilayotgan xonani eshigini ochib qolganman. Shunda kursdoshi — dugonam Minavvar Boboeva "Ayni vaqtida keldingiz-da, kelin kerak bo`lib turgandi”, deya majburlab Sasha akani oldiga o`tkazib qo`yishgan. Keyin bilishimcha, Sasha aka meni bir ko`rishda sevib qolgan ekanlar (kuladi). Institutda to`qnashib qolsak, "Qalaysiz, kelinbola?” deb o`tardilar. Shu-shu bir-birimizga o`rganib, do`stlashib, keyin ko`ngil ham qo`ydik. Sahnadagi muhabbat, hayotga ko`chgan (kuladi). Uchinchi bosqichda o`qib yurgan kezlarimiz tanishgan bo`lsak, uch yil bir-birimizni sinaganmiz. 1982 yilda institutdan yozgi ta`tilga chiqqanimizda, Sasha aka rasmimni onasiga ko`rsatgan ekan. O`shanda "Kelinim o`zbek bo`ladi, albatta, shu qizga uylanasan!” degan ekanlar.

1984 yil institutni tamomlab, bir yil Sasha aka o`qishni tamomlashini kutganman (kuladi). Onamga Sasha akaga ko`ngil qo`yganimni aytganimda, "Kim u, nega ismi Sasha? Rusga kelin bo`lasanmi?” deb yig`laganlar. Qaynonam Nadya momo rus, qaynotam o`zbek. Lekin o`zbekona oila bo`lishgan, mahallada hurmati baland bo`lgan. Namanganga sovchilikka Xorazmdan opasi Zoya va Ahmadjon ismli do`sti kelgan. Qaynonam 1982 yilda vafot etgan-da. Taqdir ekan, 1985 yil Xorazm, Namangan va Toshkentda to`y qilganmiz. Rahmatli qaynotamning xizmatini qilganman, juda mehribon edilar. Yangi turmush qurganimizda sharoitimiz bo`lmagani uchun yotoqxonada yashaganmiz, doim Xorazmdan guruch, yog`, novvot kabi mahsulotlarni yuborishni kanda qilmasdilar. Sasha aka to`ydan avval "Mehri, sharoitimizni tushuning. Xudo xohlasa, hamma narsani o`zim olib beraman”, degandi, va`dasining ustidan chiqdi. Shukr, hozir ham hech kimdan kamimiz yo`q. Bir qiz, bir o`g`limiz, bitta nabiramiz bor. Dildora hozirda "Toshkent” teleradiokanalida jurnalist, dublyajda ham faol. Diyorbek O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutining ikkinchi bosqich talabasi. Qizimiz Dildora, o`g`limiz Diyorbek izimizdan borishdi. Kelajakda o`z sohasining mohir ustasi bo`lishlari tarafdorimiz!
Категория: Yulduzlar Biografiyasi | Юлдузлар Хаёти | Просмотров:5440 | Добавил: Admin | Теги: Biografiya | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Профил
Время:11:11
Добро Пожаловать, Mexmon
Поиск
Калькулятор
Календарь
«  Dekabr 2018  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
     12
3456789
10111213141516
17181920212223
24252627282930
31