Xonanda Shahzoda jurnalist Jasur Hamroyev bilan Facebook orqali jonli ravishda muloqot qildi. Muxlislar xonandaga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish imkoniga ega bo‘ldi.
Muxlislardan biri Shahzodaga "Turmush o‘rtog‘ingiz bilan sevib turmush qurganmisiz?” deb savol berdi. Xonanda mazkur savolga javob berar ekan turmush o‘rtog‘i,xonanda Lolaning otasi Ravshan Yo‘ldoshevning oilasini buzgani haqidagi mish-mishlarga ham barham berdi:
—Ravshan Yo‘ldoshev rafiqasi bilan 1998 yilda ajrashgan. O‘shanda men u bilan tanish emasdim. Men Ravshan bilan 2000 yilda tanishganman. U 6 yil davomida mehrimni qozonishga harakat qilgan. Men vijdonlilik, intizom va haqqoniylik doim birinchi o‘ringa qo‘yiladigan oilada katta bo‘lganman. Shuning uchun ham u meni o‘zining vijdonli, chiroyli qalb egasi ekanligi bilan mehrimni qozondi.
Agar biron inson birinchi nikohida topolmagan baxtin ikkinchi nikohida topsa, men buni to‘g‘ri qabul qilaman. Men qandaydir sabablarga ko‘ra, birinchi oilasi bilan ajrashganlarga qarata aytmoqchiman: Hali hammasi yaxshi bo‘ladi. Hayotda birinchi oilasi bilan ajrashib, ikkinchi marta mustahkam oilalar bunyod etilgan holatlari ko‘p uchraydi.
Ravshandagi og‘ir-vazminlik, o‘ylab ish tutish, kam va past ovozda gapirishi kabi xislatlar menga manzur bo‘lgan. Bundan tashqari, eng asosiyjihat esa u yaxshi ota. O‘shanda, men u bilan tanishganimda ajrashgan bo‘lishiga qaramay, farzandlarini jonidan oriq yaxshi ko‘rishi e'tiborimni tortgan. U bolalarni judayam yaxshi ko‘radi. Aqlligi, bolalarni sevishi, va albatta uning mehr to‘la qalbi meni o‘ziga rom etgan. "Turmush o‘rtog‘ingizning birinchi nikohidan bo‘lgan farzandlari sizlarning turmush qurishingizga qanday munosabat bildirdi?” degan savolga Shahzoda quyidagicha javob berdi:
—Hamma Shahzoda Lola bilan dugona edi. Keyin uning otasini tortib oldi, oilasini buzdi, deb gapirishadi. Ravshan meni Lola bilan o‘zi tanishtirgan. Biz u bilan "Sevinch” filmida birga suratga tushganmiz. Ravshan o‘shanda men bilan uchrashib yurardi. Ravshan menga uylanishi haqida birinchi bo‘lib, Lolaga aytgan. Ravshan Lolaga:"Onang bilan, afsuski munosabatlarimiz yakun topdi. Men aynan Zilola bilan oila qurmoqchiman” degan. Ravshanning aytishicha, o‘shanda Lola judayam xursand bo‘lgan. Otasiga uni baxtli bo‘lishini istashini aytgan. Shundan so‘ng biz Lola bilan tez-tez gaplashadigan bo‘ldik. Keyin u turmushga chiqdi. Biz uning to‘yiga bordik. 5 yil uning ijodida tanaffus bo‘ldi. Keyin esa bizning munosabatlarimizga nimadir bo‘ldi... Nimaligini bilmayman.