Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan Tojikiston Respublikasi tog‘li hududlarida ro‘y bergan katta qor ko‘chkilari oqibatida tabiiy ofatdan jabrlanganlarga insonparvarlik yordami ko‘rsatish haqida qaror qabul qilgani, 60 tonnadan iborat oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiyot buyumlari, qurilish materiallari, ko‘mir, issiq kiyim va birinchi ehtiyoj uchun zarur boshqa tovarlar Tojikistonga yo‘lga chiqqani haqida xabar bergan edik.
Yuk mashinalari 7 mart kuni erta tongda Tojikiston bilan chegaradosh bo‘lgan Surxondaryo vilotining Uzun tumaniga yetib keldi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.
Bu yerda insonparvarlik yuklarini olib kelgan Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Komil Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasini Uzun tumani hokimligi vakillari, ta'lim muassasalari xodimlari, yoshlar va mehnat faxriylari kutib olishdi.
"Sariosiyo” chegara punktidan o‘tganidan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi Tojikistonning chegara huddudida joylashgan Tursunzoda shahriga yetib keldi. Bu yerda O‘zbekiston delegatsiyasini Tojikiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi raisi Rustam Nazarzoda, mamlakatning qator vazirlik va idoralari vakillari, O‘zbekistonning Tojikistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Shoqosim Shoislomov kutib oldi. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilganidan so‘ng yuk ortilgan mashinalar karvoni poytaxt shahar – Dushanbega qarab yo‘l oldi.
Tojikiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi raisi Rustam Nazarzoda tabiiy ofatdan jabrlanganlarga ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan Dushanbe mintaqaning qator davlatlariga hamda xalqaro tashkilotlarga murojaat etganini ma'lum qildi. Uning aytishicha, O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib o‘z qo‘shnisiga yordam qo‘lini cho‘zdi.