Doim jonli ijroni targ‘ib qiladigan xonanda bu safar O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovni ham ayab o‘tirmadi.
O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning konsert dasturlari ko‘pgina san'atkorlar, mutaxassislar tomonidan tahlil qilib kelinadi. Har yili konsertga tushgan taniqli san'atkorlar va jurnalistlar o‘zi fikr va mulohazalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali bayon etishadi. Kuni kecha jurnalist Shoira Ruafboyeva Ozodbek Nazarbekovning konsertiga borganini, konsert ssenariysi juda bo‘sh tayyorlangani, qo‘shiqlar ustida jiddiy ishlanmagani, raqqosalarning sahna harakatlari va dekoratsiyalarda ham kamchiliklar ko‘pligini tomoshabinga nisbatan hurmatsizlik deb baholab, konsertning yarmidan zalni tark etganini aytgan edi. Bunday fikrlarni faqat Shoira Raufboyeva emas, balki konsertga borgan boshqa yosh xonandalar ham aytdi. Falon pulga konsertga chipta olib kirgan muxlislar esa e'tirozlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali bayon etishdi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova dilidagini tiliga chiqaradigan san'atkorlardan biri. So‘nggi vaqtlarda OAV uning aytgan gaplarini tinimsiz chop etmoqda. Internet sahifalarida esa Gulbahor Erqulovaning nomi tez-tez uchraydigan bo‘ldi. Xonanda o‘tgan safargi tanqidlarida xonandalar Rayhon G‘aniyeva, Shahzoda, Lola Yo‘ldosheva va O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitovani tilga olib, ularning ijodini hamin qadar deb baholagan edi. San'atkorning galdagi achchiq fikrlari O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovga ataldi. U hamkasbining suratini Facebook’dagi sahifasiga joylashtirib, Ozodbekning konserti haqidagi mulohazalarini yozib qoldirdi. Doim jonli ijroda kuylashni ilgari suradigan Erqulova Nazarbekovning jonli ijrodagi konsert dasturini qoraladi.
"‘Konsertlarda jonli kuylash qahramonlik emas’, degan fikrlar ko‘p bo‘lyapti. Albatta, o‘zini va xalqni hurmat qilgan san'atkor jonli kuylashi shart”, deb yozadi Erqulova. Xonandaning bu mulohazalari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ayni dilidagi gap bo‘ldi chog‘i ko‘pchilik uni qo‘llab-quvvatladi. Biroq ular orasida Erqulovaga qarshi chiqib, Nazarbekovning tarafini olganlar ham topildi.
Gulbahor Erqulova san'atkorlarning xalqni mensimay ketishi va konsertlarda jonli ijroda kuylamasligida tomoshabinlarni ham aybladi. Jonli ijroda bo‘lsin deb muhokama qilingani bilan fonogrammadagi konsert dasturlarida zal bo‘sh qolmayotgandan keyin, san'atkorlar ham shunga yarasha yo‘l tutishini kuyunchaklik bilan gapirgan Erqulova kuniga ikki seans qo‘yilayotgan konsertlarda ham odamlar fonogrammani eshitib ketayotganini, bularga faqat qonun yo‘li bilan chek qo‘yilmasa, shu alfozda qolaverishini aytdi.
Bir qarashda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulovaning so‘zlarida jon bordek. San'atkorlarning jonli ijroda kuylashi ko‘p jihatdan muxlislarga bog‘liq. Agar falon so‘mga chipta xarid qilayotgan tinglovchi san'atkordan jonli ijroni talab qilsa yoki fonogramma deb e'lon qilingan konsertlarga bormasa, jonli ijro o‘z-o‘zidan kuchayadi. Bu o‘rinda Gulbahor Erqulovaning tanqidiga nisbatan fikr bildirgan muxlisning mulohazalari e'tiborimizni tortdi.
"Jonli ijroda bo‘ladi deyishganiga ishonib borgan edik. Konsertga kirgan odamlarning 70 foizini ko‘ngli sovub ketdi. Ikki seans konsert beraman, deb yaxshi tayyogarlik ko‘rishmagan. Birinchi qo‘shiq tugamay, ikkinchisiga ulanib ketyapti. O‘rtada qarsak chalish degan narsalar ham yo‘q”.
O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov mazmunli qo‘shiqlari bilan xalq orasida obro‘-e'tiborga ega suyukli san'atkorlardan biri. Biz yuqoridagi fikrlar bilan xonandani qoralash fikridan yiroqmiz. Tajribali san'atkorlar va jurnalistlar, xususan, tomoshabinlarning fikr va mulohazalaridan Ozodbek Nazarbekov va konsert tashkilotchilari to‘g‘ri xulosa chiqarishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov joriy yilning 10-20 aprel kunlari "Istiqlol” san'at saroyida "Mehring sabab” nomli konsert dasturini taqdim etgan edi.