O‘tib borayotgan haftada o‘zbek kinoijodkorlar tomonidan yaratilgan blokbaster janrida suratga olingan "Daydi” filmining pemyerasi Gollivud aktyori Morgan Friman sababli qoldirilganligi haqida xabar bergandik.
"O‘zbekkino” MA tomonidan taqdim etilgan rasmiy bildirishnomada "TIMUR FILM” MCHJ tomonidan suratga olingan "Daydi” badiiy filmini jamoatchilik orasida targ‘ibot qilishda bir qator qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangani ma'lum qilingandi.
Jumladan, mazkur filmning treyleri, bannerlari va chiptalari chiqarilib, ularda mashhur kinoaktyor Morgan Frimanning Buyuk Britaniya va Janubiy Koreyalik kinoijodkorlar tomonidan 2014 yilda ishlab chiqarilgan "Last Knights" ("So‘nggi ritsarlar”) filmida suratga tushgan qiyofasi aks ettirilgan. Ammo, aktyorning qiyofasi filmning agentlikka taqdim etilgan nusxasida bo‘lmagan.
"O‘zbekkino”ning ma'lumot berishicha, "TIMUR FILM” MCHJ tomoshabinlarning filmga nisbatan talabini kuchaytirishga erishish maqsadida mashhur kino yulduzini filmda suratga tushganligini bildiruvchi yolg‘on (chalg‘ituvchi) ma'lumotlar tarqatib, iste'molchilarning (tomoshabinlar) huquqlarini paymol qilgan.
Kinoijodkorlar tomonidan amalga oshirilgan ushbu noqonuniy harakatlar yuzasidan izoh olish maqsadida film rejissyori Sirojbek Abdullayev bilan bog‘landik.
Murojaatimizga Sirojbek filmdagi Morgan Frimen emasligini uning O‘zbekistondagi o‘xshash chehrasi, ya'ni qiyofadoshi ekanligini ma'lum qilib, bizga ushbu suratni taqdim etdi.Shu tariqa tahririyatimizga rejissyorning talqini bo‘yicha Gollivud aktyoriga o‘xshash inson qiyofasi taqdim etildi. Bu qiyofa qanday yaratilganligi yohud bu inson aslida kimligi to‘g‘risidagi savollarga javob ololmadik.Suratlar borasida biror fikr bildirishni lozim topmadik, xulosa chiqarish muxlislarga havola.
Eslatib o‘tamiz, ayni damda "O‘zbekkino” MA yuqoridagi holatlar bo‘yicha Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga hamda Intellektual mulk agentligiga rasmiy taqdimnoma kiritgan.
Qayd etilgan masalalar mazkur davlat idoralari tomonidan ko‘rib chiqilguniga qadar "Daydi” filmini kinoteatrlarda taqdimotini o‘tkazish va keng namoyish qilishni to‘xtatib turish ko‘rsatmasi berilgan.