 OAV xodimlari bu haqda so‘z ochishdan avval, o‘ylab ko‘rsa, masalaning tag mohiyatiga yetsa, ijodkorlarning sahna ortidagi hayotidan ham boxabar bo‘lsa, vaziyat ko‘r-ko‘rona baho bermasa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Ahad Qayum nafaqat bugungi davr qo‘shiqlariga matn yozish bilan, balki aktyorlik, rejissyorlik bilan ham shug‘ullanadi. O‘zining ta'biri bilan aytganda, u iste'dodli model ham. Xullas Ahad Qayumning kecha ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasida yozib qoldirgan navbatdagi fikrlari ko‘plab internet-nashrlarining e'tiboriga tushdi. Xonanda Husanning suratini Instagram’dagi shaxsiy sahifasi joylashtirgan Ahad Qayum shunday yozadi: "Umuman san'atni yig‘ishtirsa ham bo‘ladi ayrim xonandalar. Shu Husan degan qo‘shiqchi yomon jonga tegdi. Shu paytgacha 10dan ortiq she'rlarimni qo‘shiq qilib, klip suratga oldirdi. Har safar ko‘rishganda, yaxshi gap bilan aytaman: Iltimos, she'rlarimni o‘zgartirib qo‘shiq qilmang. Baribir bilganidan qolmaydi. Yana uyalmasdan Ahad Qayumning she'ri deb majlislarga borib yurishadi. Men yaxshi niyat bilan she'r yozib, kitob chiqaraman. Yana shunaqa holat takrorlansa, sudga berishga majbur bo‘laman. Shunaqa xonandalarning dastidan muxlislarimiz va ustozlarimizdan har doim tanqid eshitib yuraman. Ming bor uzr, lekin muxlislarimizning tanqidlari yomon jonimdan o‘tib ketdi”. YUqoridagi gaplarga ko‘zi tushgan OAVning "uchar”lari darrov "Ahad Qayum xonanda Husanni sudga berarmish”, deb bir yolg‘onning yoniga ikkinchisini qo‘shib chatishdi. Nahot, bu Ahad Qayumning navbatdagi piari bo‘lishi mumkin degan o‘y OAV xodimlari xayolidan o‘tmagan bo‘lsa? "O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas”, deganlaridek Ahad Qayum ijtimoiy tarmoqqa yozib qoldirgan izohi bilan ham o‘ziga, ham xonanda Husanga reklama bo‘lishini o‘ylab, shu ishga qo‘l urgan degan fikrga kelishimizning sabablari bor. Ahad Qayum va Husan shunchaki tanish, yuqorida ta'kidlanganidek, faqat majlislarda ko‘rishib qoladigan hamkasblardan emas. Ular qadrdon do‘st! Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi. Ahad va Husanning suratlarini Instagram’dagi sahifalarida ko‘p bor uchratasiz. Bizningcha, qo‘shiqlar matni muallifi Ahad Qayum xonanda Husan haqida yozganlari orqali yana tilga tushishni, e'tibor markazida bo‘lishni maqsad qilgan ko‘rinadi. Bir vaqtlar o‘zini o‘ldiga chiqargan Ahad Qayumning navbatdagi "qora piar”i avvalgisidanda bo‘shroq chiqdi. U rejani puxta tuzmagani shundoq sezilib turibdi. Ma'lumot uchun, Ahad Qayum biroz avval, ijtimoiy tarmoqlar orqali xonanda Husanning klipida suratga tushayotganini ham xabar qilgan edi. Bizning Ahad Qayumga ham, xonanda Husanga ham adovatimiz yo‘q. Ularni qoralash fikridan ham yiroqmiz. Bugungi tomoshabin, tinglovchi uchun mayda qo‘ydi-chiqdilar emas, yaxshi ijod namunalari kerak. Haqiqiy ijod mahsuli esa hech qanday reklamaga ehtiyoj sezmaydi.

|