Tojikistonning Dushanbe shahridagi Milliy tibbiyot markazi shifokorlari 9 oylik go‘dak tanasining turli joylarida 10 ta igna borligini aniqlashdi, deb xabar qilmoqda Sputnik. Bolaning onasi 28 iyun kuni go‘dak milkida ignalarning birini payqab qolgan va uni chiqarib olgan. Shundan so‘ng ular kasalxonaga murojaat qilishgan.
O‘tkazilgan rentgen natijasida, bolaning bosh, burun, oyoq, bo‘yin va ko‘krak qafas qismlarida ignalar borligi aniqlangan. Dastlabki operatsiya davomida 6 ta igna chiqarib olingan.
Ignalar qanday qilib bolaning tanasiga tushib qolgani hozircha noma'lum. Operatsiyaga qadar bola o‘zini tinch tutgan, uni biror narsa bezovta qilayotgani sezilmagan.
Bolaning otasi Rossiyada mehnat migranti, onasi – uy bekasi va bolalarni bir o‘zi tarbiyalaydi.
Eslatib o‘tamiz, xuddi shunga o‘xshash hodisa joriy yilning yanvar oyida Farg‘ona viloyatida ham kuzatilgandi. 11 oylik chaqaloqning tanasida 15 dona igna borligi aniqlangani haqida xabar qilgan edik.
Mazkur voqyea ko‘pgina tushunmovchiliklarni keltirib chiqargandi. Keyinchalik bu haqda Farg‘ona viloyat prokuraturasi sud-tibbiy ekspertizasining 2018 yil 7 martdagi 49-sonli xulosasiga ko‘ra, jarrohlik operatsiyasida A.Abdumajidovning qorin bo‘shlig‘i va uning atrofida joylashgan ichki a'zolaridan jami 10 dona igna hamda to‘g‘ri ichak va siydik qopi orasidan 1 dona sim bo‘lagi olib tashlangani bo‘yicha ma'lumot bergandi. Ignalar og‘iz orqali organizmga tushgan bo‘lishi mumkin, go‘dakning badaniga tashqi tomondan kiritilganini xarakterlovchi izlar va belgilar mavjud emasligi ko‘rsatilgan.
Endi haqli bir savol tug‘iladi. Biror yeringizga igna tugul yupqa paraha kirsa ham joningiz qanchalar azoblanadi. Bu bolalarning birida 16 ta, birida 10 ta igna tananing turli joyida joylashsa-ya. Bunga qanday izoh bildirishga ojizmiz.
Bu ikkala hodisada ham bolalarning oilaviy sharoiti bir-biriga yaqin. Biri 11 oylik go‘dak bo‘lsa, yana biri 9 oylik. Ikkala oilada ham oila boshi bo‘lgan er ishlagani boshqa davlatga ketgan. Farzandni boqish esa yolg‘iz ona zimmasida qolmoqda. Fikrlar turlicha, xulosa esa...