19 dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda "O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan "Qo‘qon shamoli” tarixiy-badiiy filmining keng jamoatchilik uchun premyerasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida O‘zbekkino Milliy Agentligi axborot xizmati xabar berdi. Bu galgi premyera o‘zgacha o‘tdi. Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda o‘rnatilgan o‘tgan asr muhitini gavdalantirish uchun qurilgan dekoratsiyalar, mashhur aktyor va aktrisalar bilan suratga tushish uchun yaratilgan mahsus maydonchalar, hamda qizil yo‘lakchada ijodkorlarni kutib olayotgan saroy navkarlari obrazlari kelgan tomoshabinlarni film ruhiyatiga tayyorlab bordi. Ayniqsa, kinosaroyning ikkinchi qavatidagi yoritkich chiroqlar bilan bezatilgan defyeleda film qahramondlari – Amir Umarxon, Nodirabegim, beklar va kanizaklar uchun mahsus tikilgan liboslar namoyishi premyeraga kelganlar uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. "Qo‘qon shamoli” tarixiy filmi "Dilshoh media” kinostudiyasi rahbari, prodyuser Mahmud Erkaboyev va rejissyor Dilmurod Masaidov tomonidan suratga olingan. Unda Qo‘qon xonligining XVIII asr oxiri — XIX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy muhiti, o‘sha davr chigalliklari, A.Navoiy yaratgan Hirot adabiy muhitidan keyingi hodisa sifatida e'tirof etilgan Qo‘qon adabiy muhiti va Amiriy taxallusi bilan ijod qilgan Amir Umarxon hamda uning ayoli betakror shoira – Nodirabegimning hayoti yoritiladi. Filmda Nodirabegim rolini yosh aktrisa Rayhon Asatova, Amir Umarxon rolini aktyor Ilhom Berdiyev, Olimxon rolini esa aktyor Bobur Yo‘ldoshev ijro etgan. Yurtdoshlarimiz "Qo‘qon shamoli” tarixiy filmini 20 dekabrdan yurtimiz kinoteatrlarida tomosha qilishlari mumkin!