Har yili 23 iyun kuni dunyo bo‘ylab Xalqaro Olimpiya kuni (International Olympic Day) keng nishonlanadi. Bundan roppa-rosa 70 yil oldin - 1948 yilda Sankt-Moritsda bo‘lib o‘tgan Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining 42-sessiyasida 23 iyun sanasini Xalqaro Olimpiya kuni sifatida nishonlash qarori qabul qilingan. Avvaliga ushbu sanada asosan marafon o‘tkazilgan. Ammo, bugungi kunga kelib ushbu sana katta bayram sifatida nishonlanmoqda. 23 iyun kuni poytaxtimizda tashkil etilgan bayramga tashrif buyurgan muxlislar turli tanlov, viktorina, ko‘rgazma, konsert va boshqa ko‘ngilochar dasturlardan bahramand bo‘lishdi. Ushbu tadbirni tashkil qilishdan maqsad O‘zbekistonda Olimpizm g‘oyasini targ‘ib qilish, aholini O‘zbekiston Respublikasi sportchilarining muvaffaqiyatlari bilan tanishtirish va Olimpiya harakatini rivojlantirishdir. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va "ZO'R TV" telekanali tomonidan tashkil qilingan ushbu bayram 23 iyun kuni soat 8:00dan boshlandi. "Milliy" stadionida professional va havaskorlar o‘rtasida marafon tashkil qilindi. Turli yosh toifasida o‘tkazilgan musobaqa g‘olib va sovrindorlari Milliy olimpiya qo‘mitasining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi. Tadbirning asosiy, ikkinchi qismi aynan ushbu stadionda soat 18:00da boshlandi. Bayramda yetakchi sportchilar, Olimpiya o‘yinlari sovrindorlari, shou-biznes vakillari ham ishtirok etdilar. Jumladan O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova, Shukurillo Isroilov, Munisa Rizayeva, Rayxon, Lola, Jahongir Poziljonov, Shoxruxxon, Afruz guruhi, Ummon guruhi, Eldido guruhi, Otabek Mutalxo‘jayev, Yodgor Mirzajonov, Sherzodbek va ko‘plab ijodkor qatnashishdi. Estradamiz yulduzlarining chiqishlaridan so‘ng shou-biznes va ZO'R TV telekanali boshlovchilari o‘rtasida futbol o‘yini o‘tkazildi. Orada O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazgan tanlov g‘oliblari ham taqdirlandi.