O‘zbek estradasining sho‘x – shaddod xonandasi – Umidaxon farzand kutayapti! Ona bo‘lish arafasidagi san'atkor bilan uchrashib, hayotidagi yaxshi yangiliklar haqida suhbatlashdik.
— Umidaxon, kelinlik vazifalariga ko‘nikib qoldingizmi?
— Asta – sekin ko‘nikyapman. Turmush qurgach bildim: ayol san'atkorlarga oila va ijodni birdek olib borish qiyin bo‘larkan.Avvallari faqat ijod bilan band bo‘lganim uchun ro‘zg‘or ishlariga u qadar e'tibor bermasdim. Ancha qo‘lim chiqib qolgan ekan. Lekin boshga tushgandan keyin bajarmaslikning iloji yo‘q (kuladi). Hozir yugurib – yelib uy ishlari, ro‘zg‘or, kelinlik vazifalariga ulgurayapman.
— Erta turib, ko‘cha – hovli supurishga qiynalmadingizmi?
— Ochig‘i, qiyin bo‘ldi. Tong yorishmasidan uyg‘onib, ko‘cha – hovli supurish, dasturxon tuzash oson emas ekan. Turmushga chiqqach, qizlik uyingizdagi kabi bemalol uxlay olmaskansiz. Kelinlik mas'uliyati kuchli bo‘larkan.
— Hademay ona bo‘lasiz. Homiladorlik qanday o‘tayapti?
— Kelinoyimlarda homiladorlikning qanday kechishini ko‘p kuzatganman. Bu menga juda qiziq tuyilardi. Yaratgan bizdan marhamatini darig‘ tutmadi, O‘ZI ga shukur. Dastlabki oylarda biroz qiynaldim. Hozir hammasi yaxshi, bezovtaliklar yo‘q. O‘zimni yaxshi his qilayotganim uchun tadbirlar, to‘y xizmatlariga borib turibman.
— Tug‘ilajak farzandingiz qiz bo‘lishini xohlaysizmi yoki o‘g‘il?
— Qiz bo‘ladimi yoki o‘g‘il to‘rt muchasi sog‘lom dunyoga kelsin. Men uchun asosiysi shu. Turmush o‘rtog‘im esa qiz tug‘ilishini xohlayaptilar.
— Farzand kutayotganingizni turmush o‘rtog‘ingizga qanday aytdingiz?
— Homiladorligimni Qurbon hayiti arafasida bildim. Yangilikni esa ayni bayram kuni ma'lum qildim. Turmush o‘rtog‘im behad quvondilar.
— Tinib – tinchimas Umidaxon tug‘ruqdan so‘ng ta'til oladimi?
— Ha, onalik ta'tiliga chiqaman. Tug‘ruqdan so‘ng qirq kun chilla saqlanadi. Bu paytda chaqaloqqa alohida e'tibor kerak. Qolaversa, ko‘zi yorigan ayol ham parvarishga muhtoj bo‘ladi. Nasib qilsa, tug‘ilajak farzandimni o‘zim parvarishlayman. — Niyatingizga yeting! Turmushga chikqqaningizdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlardan uzoqlashgandek bo‘ldingiz?..
— Qaynota – qaynona xizmati, kelinlik vazifalari alohida e'tiborni talab qiladi. Oilaviy hayotga moslashish uchun virtual olamdan biroz uzoqlashgan edim. Hozir muxlislar bilan muloqotni tiklayapman. Ijodimga so‘nggi yangiliklarni instagramdagi sahifamga joylab borayapman.
— Keyingi paytlarda xonanda Nilufar Usmonova bilan yaqin bo‘lib qoldingiz...
— Nima demoqchiligingizni tushundim. Nilufar opa bilan avvaldan munosabatlarimiz yaxshi. Meni ko‘rsa «Seni o‘zim kelin qilaman», derdi. Turmush o‘rtog‘imnio‘z ukasidek ko‘radi. Nasib qilgan ekan, opa – singil bo‘ldik. Nilufar opani nafaqat xonanda balki inson sifatida ham hurmat qilaman.
— Dugonangiz Ziyodaning «Shaxnozalar» qo‘shig‘ini qayta kuylagani ko‘p tanqid qilindi. Siz nima deysiz?
— Ziyodaning ijrosi menga yoqdi. San'atkor yangilik qilib turishi kerak, deb o‘ylayman.
— O‘zingiz ham milliy yo‘nalishdagi taronalarni ijro qilardingiz. Nega kuylamay qo‘ydingiz?
— To‘g‘ri, ayni yo‘nalishda taxsil ham olganman. Lekin san'atda yangilik va o‘zgarishlar bo‘lishi muhim. Shuning uchun milliy va zamonaviy yo‘nalishni teng olib borishga harakat qilayapman.
— Yangi yil bayramiga rejalaringiz...
— Bu yilgi bayram men uchun o‘zgacha bo‘lishi aniq. Negaki uni qaynota – qaynonam, turmush o‘rtog‘im va oila a'zolarim bilan birga kutib olamiz. O‘tib borayotgan yil men uchun quvonchli voqyealarga boy bo‘ldi. Kirib kelayotgan yil barchaga xursandchilik, baxt, omad olib kelishini niyat qilib qolaman.
— Umidaxon, suhbat uchun rahmat! Tug‘ilajak farzandingizni eson – omon bag‘ringizga olish nasib qilsin.
— Aytganingiz kelsin.