Ukraina 2024 yilda raketa qurollari va o‘q-dorilarini sotib olishga qariyb 4,85 milliard dollar sarflashni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
"2024 yilga mo‘ljallangan mudofaa byudjetining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bu raketalar va o‘q-dorilardir. Bu sohaga 2024 yilga mo‘ljallangan mablag‘dan 175 milliard grivna (Ukraina Milliy bankining joriy kursi bo‘yicha taxminan 4,85 milliard dollar) sarflanadi. Harbiy texnika uchun – taxminan 80 mlrd grivna (taxminan 2,2 mlrd dollar) ajratiladi”, deyiladi xabarda.
Mudofaa vazirligining qo‘shimcha qilishicha, birinchi navbatda qurol-yarog‘ va jihozlar sotib olishga, shuningdek, Ukraina ishlab chiqaruvchilaridan shartnoma bo‘yicha ta’mirlash ishlariga e’tibor qaratiladi. 2024 yilda ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ularga 190 milliard grivnadan ortiq (taxminan 5,2 milliard dollar) pul ajratilishi rejalashtirilgan.
Bosh vazir Denis Shmigal Ukrainaning Oliy Rada tomonidan tasdiqlangan 2024 yilgi byudjetida xarajatlarning deyarli yarmi harbiy ehtiyojlar va xavfsizlikka yo‘naltirilishini ma’lum qilgan. Hujjatga ko‘ra, Ukrainaning tashqi qarzlari 41 milliard dollarni tashkil qilishi kerak.
Shundan so‘ng Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy harbiy sanoat ehtiyojlariga mintaqaviy byudjetlardan 96 milliard grivna (2,66 milliard dollar) o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan. Shuningdek, 2024 yilda Ukraina Davlat yo‘l jamg‘armasining barcha mablag‘lari harbiy ehtiyojlarga yo‘naltiriladi. Ukraina Moliya vaziri Sergey Marchenkoning so‘zlariga ko‘ra, bu taxminan 94,7 milliard grivna (taxminan 2,6 milliard dollar)ni tashkil etadi.