Avvalroq, Rossiya prezidenti bu yilgi "jonli muloqot”ni o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.
Putin ushbu "jonli muloqot”da qator qiziqarli savollarga javob berdi. Jumladan, uchinchi jahon urushi, Rossiyada ko‘tarilgan benzin narxi, hukumat tarkibi, xalqaro munosabatlar va boshqa savollarga javob berdi.
Putin uchinchi jahon urushi haqida fikr bildirar ekan, buyuk fizik Albert Eynshteynga iqtibos keltirdi.
"Uchinchi jahon urushi sivilizatsiyamiz tanazzulga yuz tutishiga sabab bo‘ladi, buni yodda tutishimiz kerak”, dedi prezident.
Shu o‘rinda, Eynshteynning so‘zlarini keltirib o‘tamiz:
"Men uchinchi jahon urushida nima bilan jang qilishlarini bilmayman. Ammo to‘rtinchisida tosh va tayoqlar bilan urushadilar”, degan olim.
Putinga bu yilgi "jonli muloqot”da benzin narxiga doir savollar bir necha bor berildi.
Putin yoqilg‘i narxi bo‘yicha hukumat qator qarorlar qabul qilganini va hozirgi narxlarga chidab bo‘lmasligini ta'kidladi.
Shuningdek, yoqilg‘ining hozirgi narxi energetika sohasining noto‘g‘ri boshqarilishi oqibati ekanini ham qayd etdi.
Putin hukumatning rivojlanish dasturiga to‘xtalib o‘tdi. Mamlakat uchun muhim bo‘lgan rivojlanish dasturi avvalgi hukumat tomonidan ishlab chiqilganini, agarda hukumat tarkibini butunlay yangilansa, Rossiya kamida ikki yil yo‘qotishini ta'kidlagan.
"Bizda ayni vaqtda eng mukammal hukumat shakllantirilgan”, deb ta'kidladi prezident.
Putinga xalqaro munosabatlar haqida quyidagicha savol berildi:
"Nega dunyoda rasmiy Moskvani eshitishmaydi?”
"Bu Rossiyani tiyib turishning bir yo‘li. Nega bunday qilinadi? Ko‘rishyaptiki, Rossiya borgan sari har sohada raqobatchi bo‘lib bormoqda”, deydi Putin.