
Kecha, 3 sentyabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda 17 davlat delegatsiyasi, shuningdek, bir qator xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizning birinchi rahbariga hurmat ko‘rsatgan holda Afg‘oniston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari, Belarus, Gruziya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston, Rossiya bosh vazirlari, Xitoy, Janubiy Koreya, Ukraina, Turkiya bosh vaziri o‘rinbosarlari, Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri, BAA Davlat vaziri va bir qator xalqaro tashkilot vakillari dafn marosimiga tashrif buyurishdi. Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida 3 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu marosimda so‘zga chiqqan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov tom ma'nodagi vatanparvar inson va buyuk davlat arbobi, dono siyosatchi Islom Karimovning barcha tashabbuslari xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlanganini, Turkmanistonda yoshu qari u kishini chin dildan hurmat qilishini ta'kidladi. Islom Karimov Turkmaniston-O‘zbekiston hamkorligini izchil rivojlantirishga katta hissa qo‘shganini qayd etib, Turkmanistonda maydon va ko‘chalarga Islom Karimov nomi berilishini ma'lum qildi.
Islom Karimov boshqaruvi davrida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi aloqalar doimo do‘stona ruhda bo‘lgan. Azaliy qo‘shni va qardosh bo‘lgan o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar mustaqillik yillarida yangicha mazmun kasb etdi. Bugun O‘zbekiston-Turkmaniston aloqalari 2007-yilda imzolangan "Do‘stona munosabatlar va har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi” davlatlararo shartnoma asosida izchil taraqqiy etmoqda.