Bir necha kun oldin Telegram messenjeri orqali "O‘zbekistonda "suv parisi” tug‘ilibdi” degan xabar yashin tezligida tarqaldi. Xabarga ayni ta'rifga o‘xshab ketadigan go‘dakning surati ilova qilingan...
Texnika va informatsion aloqalar rivojlangani sayin, odamlarda o‘zaro yangilik almashish istagi kuchaymoqda. Ko‘pchiligimiz Telegram xizmatidan foydalanamiz, u orqali turli foydali guruhlarga a'zo bo‘lganmiz. Bir necha kun ilgari, Telegram orqali "Toshkentda suv parisini eslatuvchi qizaloq tug‘ilibdi” degan xabar bilan birga, endigina tug‘ilgan, ammo tanasi suv parisini eslatuvchi go‘dakning surati tarqaldi. Garchi fotosuratlar bo‘yicha mutaxasssis bo‘lmasamda, u yo‘rgaklangan mato bizda ham keng qo‘llaniladigan matolardan biriga o‘xshaydi. Shunday bo‘lsa-da, bu chaqaloqning haqiqatan ham bizda, O‘zbekistonda tug‘ilganiga hech bir dalil topilmadi. Ammo u haqida ma'lumot izlash davomida suv parisi ko‘rinishida tug‘iladagan bolalar haqidagi ko‘plab qiziqarli faktlar va hikoyalarni uchratdik.
Suv parisi, rus tilida "rusalka” deb yuritiluvchi ertak qahramonlari sifatida asosan folklyor janridagi adabiyotlarda ko‘p uchraydi. Odatda ular ishtirok etadigan ertak yoki hikoyalar kemalarning dengizga g‘arq bo‘lishi, suv toshqinlari yoki qahramonlarning suvda cho‘kishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Tarixda minglab olimlar o‘zaro "suv parilari bor” yoki "suv parilari yo‘q” degan bahsni olib borishgan. Tabiatda ko‘rinishi suv parilarinikini eslatuvchi ko‘plab mavjudotlar, baliqlar, baliqsimon dengiz maxluqlari topilgan. Bu fakt!
Tabiatda insonlarning suv parisiga duch kelgan holatlari tabiiyki dengiz, okean, ko‘l va boshqa suv bilan bog‘liq joylarda sodir bo‘lgan.