Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining Twitter sahifasida Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi 18 yoshli qizni 4 yil-u uch oyga ozodlikdan mahrum etgani, qiz bu yil OTMga o‘qishga kirgani, hatto prokuror yengillik so‘rasa ham, sud 18 ga kirgan qizni "sindirgani” haqida yozib qoldirgandi. Toshkent shahri sudlari holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudining 2022-yil 18-avgustdagi hukmiga ko‘ra D.J.:
Jinoyat kodeksining 155-2-moddasi (terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish) 1-qismi;
244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi "g” bandi;
244-2-moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismi bilan aybli, deb topilgan.
Qizga uzil-kesil o‘tash uchun 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. D.J. terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketish maqsadida yaqinlaridan xufiyona tarzda chemodan xarid qilgan. Unga kiyim-kechaklarini joylashtirib, 2022-yil 15-martda xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirishga erishgan. Ularni o‘z tanishining uyida yashirin ravishda saqlab kelgan. 2022-yil 26-mart kuni soat 11:00 da O‘zbekiston—Turkiya—Suriya yo‘nalishi orqali Suriyaga borib, terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etish maqsadida harakat qilayotganida fosh etilgan va protsessual tartibda ushlangan.
Qolaversa, D.J.ning jinoyat sodir etishdagi aybi tergov va birinchi bosqich sudi jarayonlarida o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib bergan ko‘rsatmalari, guvohlarning ko‘rsatmalari, uyali telefon apparatlarini tekshirish uchun olib qo‘yish va ko‘zdan kechirish bayonnomalari, A4 formatidagi 12 dona qog‘oz varag‘iga joylashtirilgan matnli yozishmalar, sud-texnik ekspertizasining xulosalari va unga ilova qilingan DVD+R disklar, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ekspertlarining sudga oid dinshunoslik ekspertizasining xulosalari hamda jinoyat ishi hujjatlarida mavjud bo‘lgan boshqa obyektiv dalillar majmui bilan o‘z isbotini to‘liq topgan.
Bu bilan D.J.ga oid sud qarorlari endi o‘zgarmaydi, deyishdan mutlaqo yiroqmiz. Zotan, Toshkent shahri sudi tomonidan chiqarilgan ajrimdan norozi taraflar jinoyat-protsessual qonunchiligida belgilangan tartib va muddatlarda Oliy sudga kassatsiya tartibida shikoyat berish yoki protest keltirishga haqli ekani ma’lum qilinadi, — deyilgan bayonotda.