Toshkent shahrining Yashnobod tumani, "Mumtoz” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro o‘z uyiga shu kunga qadar 522 marta tez yordam chaqirgani ma’lum qilindi. Bu haqda 28-dekabr kuni OAV xodimlari uchun poytaxtdagi tibbiyot muassasalariga uyushtirilgan press-tur davomida aytildi, deya xabar berdi "Daryo” muxbiri.
Tez tibbiy yordam Call-markaz bo‘limi mudiri Nasiba Mahmudovaning so‘zlariga ko‘ra, ayol kuniga 2-3 marta tez tibbiy yordam chaqiradi.
"Yashnobod tumanidiga "Mumtoz” mahallasida yashovchi ayol shu kungacha 522 marotaba tez tibbiy yordamga murojaat qilgan. U har kuni 2-3 bor chaqiriqni amalga oshiradi. Ba‘zi bemorlarga tez tibbiy yordam muhim holatlardagina chaqirilishi kerakligini tushuntirsangiz, ular bizning faoliyatimizdan norozi bo‘ladi”, — deydi Nasiba Mahmudova.
2020-yilning noyabr oyida Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov joriy yilda "103” tez tibbiy yordam raqamiga 10 milliondan oshiq murojaatlar kelib tushganini ma’lum qilgan edi.
Joriy yilning fevral oyida Abdulla Azizov O‘zbekistonda tez tibbiy yordamning bir martalik tashrifi o‘rtacha 150 ming so‘mga tushishi haqida aytgan edi.
May oyida Respublika shoshilinch tez tibbiy yordami ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganov 2021-yilda bitta tez tibbiy yordam chaqirig‘i uchun 7700 so‘mdan mablag‘ ajratilganini ta’kidlagandi.
Dekabr oyida SSV matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, mamlakatda 2021-yilning 1-yanvaridan 1-dekabriga qadar tez yordam xizmatiga mamlakat bo‘yicha jami 6301 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan.