Sudanning hokimiyatdan ag‘darilgan prezidenti Umar al-Bashir ko‘p sonli mahbuslar hamrohligida Kober qamoqxonasidan qochib ketdi. Bu haqda Al Araby xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qamoqxona yaqinida Sudan Qurolli kuchlari va Tezkor harakat kuchlari (RRF) o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lgan. Biroq Al Araby nashri Umar al-Bashir qamoqxonaga qilingan hujumdan keyin boshqa mahbuslar bilan birga hibsda ekanini xabar qilgandi.
2019-yil apreldagi harbiy to‘ntarishdan so‘ng Umar al-Bashir hokimiyatdan chetlatilgan. U 30 yildan ortiq davlat rahbari lavozimida ishlagan. To‘ntarish butun mamlakatni qamrab olgan norozilik namoyishlari fonida yuz berdi. Namoyishchilar al-Bashir hukumatidan narxlarni pasaytirishga erishishni, shuningdek, har hafta sodir bo‘ladigan elektr ta’minotidagi uzilishlar muammosini hal qilishni talab qilgan.
2008-yilning 21-iyulida Gaaga sudi al-Bashirni Darfurdagi mojaroga aloqador genotsidda ayblab, hibsga olish uchun order berdi. Shunday qilib, al-Bashir xalqaro adliya organi tomonidan ayblangan dunyodagi birinchi amaldagi prezidentga aylangan.
Joriy yilning aprel oyi o‘rtalarida suveren kengash (mamlakat boshqaruv organi)ni boshqarayotgan Abdel Fattoh al-Burxon va uning o‘rinbosari Muhammad Daglo o‘rtasidagi kelishmovchilik tufayli mamlakatdagi vaziyat keskinlashdi. 15-aprel kuni ertalab Meroye shahridagi harbiy baza yaqinida va poytaxt Xartumda armiya hamda tezkor harakat kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi.
21-aprel kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) vakili Margaret Xarris brifingda Sudandagi to‘qnashuvlarda halok bo‘lganlar soni 400 kishidan oshganini, mamlakatda 3,5 mingdan ortiq kishi jarohatlanganini aytdi.