
Moskva viloyatida besh yashar qiz tish shifokori qabulidan so‘ng vafot etdi. Ota-onasining so‘zlariga ko‘ra, qizga shifokorlar vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatishmagan.
Rossiya tergov qo‘mitasi veb-saytining axborot berishicha, 28 sentyabr, chorshanba kuni Moskva viloyatida besh yashar qizga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha jinoiy tergov ishi ochilgan.
Olib borilgan tergov ishlariga ko‘ra, qizining tishi qattiq og‘riyotgani sabab ota-ona 22 avgust kuni "Naro-Fominsk dental” shifoxonasiga murojaat qilishgan.
Mutaxassislar qizning og‘iz bo‘shlig‘ini tekshiruvdan o‘tkazishgan. Tishning ildiz yo‘li tozalaganidan keyin bir hafta ichida qizaloq o‘zini yaxshi his qila boshlagan.
Avgust oyining so‘ngida uning oyoqlarida og‘riq paydo bo‘la boshlagan. Rentgen natijalariga ko‘ra qizga bo‘g‘in paylarining shikastlanishi tashhisi qo‘yildi va davolash ishlari boshlandi.
Bir necha kun o‘tib qizning ahvoli yomonlashdi, tanasida qattiq og‘riq his qildi. Uning ota-onasi Naro-Fominsk tuman shifoxonasiga murojaat qilishdi, ammo ularning so‘zlariga ko‘ra, shifoxona xodimlari o‘z vaqtida professional yordam ko‘rsatish o‘rniga boshqa shifoxonaga borishlarini maslahat berishgan.
O‘sha kuni tunda qizning ahvoli og‘irlashdi. Uni yuqori harorat bilan tumandagi kasalxonalarning biriga keltirishdi. Qizning ota-onasi ushbu muassasaga joylashtirishga rozi bo‘lishmadi, shifokor poytaxt kasalxonasiga yo‘llanma berdi, ammo qizni Moskvaga olib kelishganidan so‘ng vafot etdi.
Qonga kirgan zararli mikroblar tufayli butun organizmning zaharlanishi o‘limga sabab bo‘lgan degan dastlabki taxminlar mavjud.
O‘limning aniq sababini aniqlash uchun tibbiy ekspertiza o‘tkaziladi. Tergovchilar esa qiz davolangan kasalxonalar va kasallik tarixini o‘rganib chiqishadi.