
O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi, teletomoshabinlarga esa kinodagi salbiy rollari bilan tanilgan Shodiya To‘xtayeva "Qisqa va lo‘nda” loyihasi mehmoni...
Mavsum yangiligi
"Sadoqat" filmida bosh rolni ijro etyapman. Men yaratayotgan obraz juda dardli, o‘z farzandidan ayrilgan ayol holatini ochib berishim kerak. Dramatik serialdagi ushbu rolimni tomoshabinlar munosib baholashadi, deb o‘ylayman. Bundan tashqari Pokiston davlati kino ijodkorlari tomonidan suratga olingan "Uyimdagi begona" serialining dublyaj jarayonlari bilan ham bandmiz. Tez kunlarda uni ham tomosha qilishingiz mumkin.
Jahlim chiqqanda
Inson har qanday vaziyatda o‘zini tuta bilish kerak. Bu har kimning o‘zi uchun foydali. Masalan, men hech qachon jahlimni birovga ko‘rsatmayman. Doim tilimni tishlab, ortiqcha gapirmaslikka harakat qilaman.
Fobiya
Hashoratlardan juda qo‘rqaman. Ayniqsa, o‘rgimchaklardan. Mana sirimdan bugun hamma habardor bo‘ldi.
Stil
Men klassik uslubda kiyinishni ma'qul ko‘raman. Dam olish yoki sayyohatga otlanganimdagina sport uslubiga murojaat etishim mumkin.
Oila
Oila mavzusida ko‘p gapirishni yoqtirmyaman. Biroq bugungi loyiha bundan mustasno. Ikki yoshdan oshgan Maryamxon ismli qizim bor. Juda aqlli, zukko, ziyrak. Nutqi ravon. O‘zbek va rus tilida yigirmagacha sanashni biladi. Ayni vaqtda bola tarbiyasi bilan band bo‘lganim uchun teatrdan ta'tilga chiqqanman. Tez kunlarda albatta ishga qaytaman.
YOqtirmaganim
Ko‘cha-kuyda, turli tadbir va yig‘ilishlarda odobsiz insonlarni ko‘rsam jahlim chiqadi. Undaylarni ajratib olish qiyinmas, ular omma oldida o‘zini noto‘g‘ri tutib, qanday insonligini bildirib qo‘yishadi.
Kitob
Kitob mutolaa qilishni juda yaxshi ko‘raman. Kitob mening eng yaqin do‘stim. Hyech kim berolmagan eng yaxshi maslahatlarni u beradi. Tushkun kayfiyatdan chiqaradigan ham kitob.
Tushkunlik
Men uchun eng qo‘rqinchli va hech qachon duch kelishni istamaydigan holatlardan biridir. Iloji boricha u holatdan tezroq chiqishga va kayfiyatimni ko‘taradigan narsalar bilan shug‘ulanishga, ko‘proq yaxshi insonlar bilan suhbatlashishga harakat qilaman.
Xafa qilsam
Birovning ko‘ngligini og‘rita olmayman. Agar bilmay kimnidir xafa qilsam, albatta o‘sha zahotini kechirim so‘rmayman.
Mish-mish
Men baxtli san'atkorlardan biri bo‘lsam kerak. Ijodimni boshlaganimdan buyon o‘zim haqimda biror marta ham noo‘rin va tuhmat gaplar eshitmaganman. Doim mish-mishlardan yiroqdaman. Agar mish- mishlarni eshitib qolsam ham, ularga e'tibor bermaslikka harakat qilaman. Chunki ulardan menga foyda yo‘q.