Меню сайта
Главная страница Форум сайта Узбекская Музыка Картинка Онлайн PhotoShop Софт для PC Система uCoz Видео Монтаж Кинофильмы Новости Компьютерный игры Игры и софт для Android Телефон прошивка Все Usb драйвер Звездная жизнь
Клип премьера
Наш опрос
SAYTGA QAYSI QURILMADAN KIRDINGIZ?
Всего ответов: 1848
Статистика


Яндекс.Метрика


Сейчас онлайн: 49
Гостей: 48
Пользователи 1
moderator
Perhatsabirov
kamolrauf
r123456789r
Mahri
Sitorabonu
Muzaffar
ARX
moderator
Azmin55
Mussi777
Главная » 2020 » Iyun » 29 » Shavkat Mirziyoyev Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlariga tabrik yo‘lladi
20:30
Shavkat Mirziyoyev Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlariga tabrik yo‘lladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakat yoshlariga bayram tabrigi yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Quyida tabrik matni to‘liqligicha taqdim etiladi.

Aziz o‘g‘il-qizlarim!

Barchangizni yurtimiz hayotidagi qutlug‘ bayram — Yoshlar kuni bilan samimiy tabriklab, o‘zimning chuqur mehrim va ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman.

Bugungi kunda mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda azmu shijoatli yoshlarimizning o‘rni va ta’siri tobora ortib borayotgani hammamizni quvontiradi.

Hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida, Vatan himoyasidek sharafli vazifani ado etishda millionlab yoshlarimiz sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilmoqda. Siyosiy saviyasi yetuk, mustahkam fuqarolik pozitsiyasiga ega yuzlab yigit-qizlar parlamentimiz va xalq deputatlari mahalliy kengashlarining a’zosi sifatida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy hokimiyat idoralarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Respublikamizda samarali ishlayotgan 227 mingga yaqin yosh tadbirkor va fermerlar, mohir hunarmandlar iqtisodiyotimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Yurtimizda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Bu haqda gapirganda, birgina ‘Yoshlar — kelajagimiz’ dasturi doirasida yosh avlod vakillarining 7775 ta biznes loyihasiga 1 trillion 635 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, shu asosda 40 mingga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etilganini qayd etish lozim.

Ana shunday e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli hududlarda 27 ta ‘Yosh tadbirkorlar’ kovorking-markazi hamda 157 ta ‘Yoshlar mehnat guzari’ foydalanishga topshirildi. Ushbu majmualarda 2200 nafardan ortiq o‘g‘il-qizlarimiz o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlagani e’tiborlidir.

Shu bilan birga, ‘Har bir yoshga — bir gektar’ loyihasi bo‘yicha barcha hududlarimizda 65 mingga yaqin yosh dehqonlarga 54 232 gektardan ziyod yer ajratildi.

Ana shunday muhim chora-tadbirlar tufayli so‘nggi uch yilda 560 200 nafarga yaqin yosh fuqaro ish bilan ta’minlandi.

Bu yil koronavirus pandemiyasi hamda Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida ro‘y bergan ofatlar butun el-yurtimiz qatori yoshlarimiz irodasini ham sinovdan o‘tkazdi. Ana shunday og‘ir vaziyatlarda ming-minglab o‘g‘il-qizlarimiz chinakam mardlik va jasorat ko‘rsatib, barcha tengdoshlariga o‘rnak bo‘ldilar.

Xususan, mamlakatimizda tashkil etilgan ‘Saxovat va ko‘mak’ umumxalq harakatining asosiy ishtirokchilari ham yoshlarimiz ekani, harakat doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining 4500 nafar a’zosi ko‘ngilli sifatida faol ish olib borayotgani tahsinga loyiqdir.

Sardoba suv omboridagi toshqindan talafot ko‘rganlarga yordam va ko‘mak ko‘rsatish maqsadida Yoshlar ittifoqining xayriya karvoni tashkil etilib, aholiga kiyim-kechak, sanitariya vositalari, oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, katta miqdordagi o‘quv qurollari va sport anjomlari, badiiy adabiyotlar yetkazib berildi.

O‘z navbatida, bunday ezgu ishlar Buxoro viloyatining kuchli dovuldan zarar ko‘rgan Olot va Qorako‘l tumanlarida ham amalga oshirilgani sizlarning vatanparvarlik va olijanoblik fazilatlaringizdan dalolat beradi.

Fursatdan foydalanib, og‘ir sinov kunlarida xalqimizga haqiqiy tayanch va suyanch bo‘lib maydonga chiqqan Qurolli Kuchlarimizning mard va matonatli harbiy xizmatchilariga, jonkuyar shifokorlar, bunyodkor quruvchilar, saxovatli tadbirkorlarimizga, ilm-fan, madaniyat va sport sohasi vakillariga, Yoshlar ittifoqining faol a’zolariga — barcha O‘zbekiston yoshlariga chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman.

Vatanimiz, el-yurtimiz sizlar kabi fidoyi va jasur farzandlari bilan hamisha faxrlanadi!

Muhtaram yosh do‘stlarim!

Bugungi kunda zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallash har qanday davlat va jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi shartiga aylanib borayotgani hech kimga sir emas. Ana shu haqiqatni chuqur anglagan holda, biz navqiron avlodimizning ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etmoqdamiz.

Shu maqsadda ulug‘ allomalarimiz nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablar, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi, Farg‘ona shahrida ‘Loyihalar fabrikasi’ faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, Prezident va ijod maktablari bo‘yicha dasturlarimiz izchil davom ettirilayotgani sizlarga yaxshi ma’lum.

Iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash uchun har bir hududda Yoshlar texnoparklarini barpo etishni boshladik. Umumiy qiymati 30 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan ‘Yosh olimlar’ amaliy va innovatsion loyihalar tanlovi e’lon qilindi.

Karantin sharoitiga qaramasdan, 6 milliondan ortiq maktab o‘quvchilari, 468 ming talaba o‘quv dasturlarida belgilangan darslarni o‘z vaqtida va sifatli o‘zlashtirdi. ‘Online-maktab’ loyihasi doirasida 17 ta fan bo‘yicha 4 mingdan ortiq telemashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bu jarayonga eng malakali pedagoglar jalb etildi, jumladan, Toshkentdagi Prezident maktabining xorijlik mutaxassislari tomonidan ham mahorat darslari olib borildi. Imkoniyati cheklangan bolalarni o‘qitishga alohida e’tibor qaratilib, barcha darslar surdopedagog va surdotarjimonlar tomonidan tushuntirib borildi.

O‘zbekistonning bu tajribasi YuNESKO, YuNISEF, Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilmoqda.

Bugungi shiddatli zamonda, global miqyosda raqobat kuchayib borayotgan murakkab vaziyatda yuksak intellektual salohiyatga ega kadrlarga ehtiyoj har qachongidan ham ortib bormoqda. Shu bois biz o‘z oldimizga qo‘ygan ulkan va mas’uliyatli vazifalardan kelib chiqib, mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida tub o‘zgarishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Jumladan, keyingi uch yilda respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlari soni 60 foizga oshib, 116 taga yetdi. Ular orasida nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari borligi alohida e’tiborga loyiq. Mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari soni izchil oshirib borilmoqda. Agar 2016/2017-o‘quv yilida bu raqam 58 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda 150 mingtaga yetadi. Ya’ni bu yil maktab bitiruvchilarining 25 foizi oliy o‘quv yurtlarida o‘qish imkoniga ega bo‘ladi. Holbuki, 2017-yilda bu raqam 9 foizga teng edi.

Millat genofondini saqlash va davom ettirishning muhim omili bo‘lgan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalasi doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda. So‘nggi uch yilda 2668 ta yosh oilaga uy-joy uchun 121 milliard 244 million so‘m boshlang‘ich to‘lov mablag‘lari 20 yil davomida foizsiz qaytarish sharti bilan to‘lab berildi.

Barchamiz guvohmiz — bugun dunyo misli ko‘rilmagan sur’atlar bilan keskin o‘zgarib bormoqda. Ijtimoiy hiyotimizda ko‘plab ijobiy jarayonlar bilan birga, yosh avlodning qalbi va ongini egallashga qaratilgan ma’naviy tahdidlar ham tobora xavfli tus olmoqda.

Bunday murakkab vaziyatda farzandlarimizni zararli ta’sirlardan asrash, doimo hushyor va ogoh bo‘lib yashash eng dolzarb vazifamiz bo‘lib qolmoqda.

Yoshlarimizni ona Vatanimizga, mustaqillik g‘oyalariga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning iste’dod va qobiliyatini, ezgu intilishlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida boshlagan katta ishlarimizni bundan buyon ham qat’iyat bilan davom ettiramiz.

Ayni shu maqsadda yurtimizning barcha viloyat va tumanlarida, shahar va qishloqlarimizda yangi-yangi ta’lim dargohlari, madaniyat va san’at maskanlari, sport inshootlari barpo etilib, yoshlar ixtiyoriga berilmoqda.

Shular qatorida poytaxtimizda bunyod etilgan muhtasham ‘G‘alaba bog‘i’, ‘Shon-sharaf’ muzeyi, Toshkent shahrining tarix muzeyi, betakror Adiblar xiyoboni farzandlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Yoshlarimizni jismoniy sog‘lom, ma’naviy yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun besh ijobiy tashabbus doirasida ko‘plab stadionlar, suv havzalari, sport majmualari va saroylari barpo etilmoqda. Eng muhimi, farzandlarimiz o‘rtasida sport bilan muntazam shug‘ullanadigan, sog‘lom turmush tarzini o‘z hayotiy maqsadiga aylantirgan yigit-qizlar safi kengayib bormoqda.

Qadrli vatandoshlar!

Bugun jonajon O‘zbekistonimizda erkin va obod, farovon hayot qurish yo‘lida biz boshlagan ulkan ishlarni davom ettirishga qodir bo‘lgan yangi avlod shakllanmoqda.

Aziz o‘g‘il-qizlarim, hech qachon unutmang, xalqimiz, Vatanimiz sizlardan buyuk ishlarni kutmoqda.

Shu muqaddas ishonch va mas’uliyatni har tomonlama oqlash, unga munosib bo‘lish — dunyodagi eng ulug‘ baxtdir. Shunday baxt, shunday sharaf barchangizga nasib etsin!

Sizlarni sevimli bayramingiz, azmu shijoat, go‘zallik va kamolot ayyomi — Yoshlar kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad tilayman.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 30-iyun Yoshlar kuni sifatida 2017-yilda belgilangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat yoshlarini mazkur kuni bilan 2018 va 2019-yillarda ham tabriklagandi.
Категория: Har-Hil | Просмотров:10 | Добавил: moderator | Теги: yangilik | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Профил
Время:14:09
Добро Пожаловать, Mexmon
Кино премьера
Поиск
Калькулятор
Календарь