
Qonunda yosh fuqarolar tushunchasiga izoh berilgan. Unga ko‘ra, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, xususan, yosh oila, yosh mutaxassis va yosh tadbirkor aynan yoshlar qatoriga kirishi qayd etilgan.
14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev "Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunga imzo chekdi. Bu qonun loyihasi 24 avgust kuni Senat tomonidan ma'qullanib, 12 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan edi. Qonun haqidagi hujjat "Narodnoye slovo” va "Xalq so‘zi” gazetalarida 15 sentyabrdan nashr etildi va shu kundan kuchga kirdi.
Qonun 4ta bob, 33 moddadan iborat.
Yoshlarga oid Davlat siyosati tushunchasi yoshlarni har tomonlama mukammal etib voyaga yetkazishda ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va qonuniy chora-tadbirlar tizimini nazarda tutadi.
Qonunda yosh fuqarolar tushunchasiga izoh berilgan. Unga ko‘ra, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, xususan, yosh oila, yosh mutaxassis va yosh tadbirkor aynan yoshlar qatoriga kirishi qayd etilgan.
Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy prinsipi ochiqlik va shaffoflik, yoshlarga oid davlat siyosatida yoshlar ishtirokini ta'minlash, yoshlar g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish hisoblanadi.
Qonunda yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
Yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash;
Yoshlarning hayoti va salomatligini saqlash;
Yoshlarning ma'naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy, jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish;
Yoshlar uchun ochiq va sifatli ta'limni ta'minlash;
Yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish ;
Yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta'sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat'iy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash;
Yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish;
Yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish;
Iqtidorli va iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlashtirish;
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish;
Yoshlarda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
Yosh oilalarni ma'naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tizimini amalga oshirish;
Yoshlar huquqlari va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
Mazkur qonun hujjatida yoshlar va yosh oilalarni ijtimoiy himoyalash maqsadida yoshlar ijtimoiy xizmati yaratilishi haqidagi masala ham ko‘rib chiqilgan.