Меню сайта
Супер премьера
Реклама
Загрузка...
Наш опрос
SAYTGA NIMALAR KO'PROQ KERAK?
Всего ответов: 1357
Статистика

waplogStatok.net


Сейчас онлайн: 71
Гостей: 70
Пользователи 1
Admin
muzaffar957
abduaziz
ixti9219
xitlog
ensoniq
998749949480
karol
asasin77
woxruvz
alik(
Тизер
Главная » 2016 » Oktyabr » 6 » Shavkat Mirziyoyev yangi muhim farmonga imzo chekdi
08:49
Shavkat Mirziyoyev yangi muhim farmonga imzo chekdi

zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 oktyabr kuni "Tadbirkorlik faoliyatinining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Farmonning to‘liq matni O‘zAda chop etildi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
 
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta'minlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, respublikada investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida:

1. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta'minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaslik tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilansin.

Davlat organlari, eng avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalar:

o‘z faoliyatida yuqorida ko‘rsatilgan talabni hamda tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi tamoyilining so‘zsiz amalga oshirilishini ta'minlasinlar;
 
o‘z vazifalari va vakolatlarining tanqidiy tahlili asosida huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika qilish hamda ularga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi chora-tadbirlarni takomillashtirishga va ularning samaradorligini oshirishga doir asoslangan takliflarni ikki oy muddatda, belgilangan tartibda kiritsinlar;

tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, ularning faoliyatini asossiz to‘xtatib qo‘yganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari talablari qat'iy bajarilishini, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlariga yetkazilgan zararning bevosita aybdorlardan undirilishini ta'minlasinlar.

2. O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlash, xususiy mulkni har tomonlama muhofaza qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Kompleks chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik vazirliklar va idoralarning, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlari zimmasiga yuklansin.

3. Belgilab qo‘yilsinki, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab:

tadbirkorlik sub'yektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinadi, yuridik shaxslar tugatilayotganida, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilganligi holatlari bo‘yicha bergan murojaatlari asosida faqatgina Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qaroriga muvofiq o‘tkaziladigan qisqa muddatli tekshiruvlar bundan mustasno;
 
tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini, shu jumladan, jinoyat ishlari doirasidagi muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinadi;
 
moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik sub'yektlari va ularning xodimlari yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklarni qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararni qoplagan taqdirda (insonning sog‘lig‘i va hayotiga zarar yetkazilgan holatlar bundan mustasno) ma'muriy va jinoiy javobgarlikdan, jarimalar va moliyaviy sanksiyalar (penyadan tashqari) qo‘llanilishidan ozod etiladilar;

noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxslar huquqbuzarlik aniqlangan kundan e'tiboran bir oy muddatda yetkazilgan zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplagan, tadbirkorlik sub'yekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va ruxsat etuvchi zarur hujjatlarni rasmiylashtirgan taqdirda ma'muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etiladilar;
 
tadbirkorlik sub'yektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazo qo‘llanilmaydi;
 
xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yangidan tashkil etiladigan ishlab chiqarish korxonalariga ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vaqtida amalda bo‘lgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar stavkalarini (resurs va bojxona to‘lovlari bundan mustasno) besh yil mobaynida qo‘llash huquqi beriladi;
 
tadbirkorlik sub'yektlari hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risida ariza bergan taqdirda davlat boji to‘lashdan ozod etiladilar;

tadbirkorlik sub'yektlarining eksport kontraktlarini davlat bojxona xizmati organlarida hisobga qo‘yish borasidagi talab valyuta nazorati organlari tomonidan Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi orqali tashqi savdo kontraktlari nazorati va monitoringini saqlab qolish sharti bilan bekor qilinadi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1997 yil 10 oktyabrdagi PF-1871-son Farmonining 1, 2 va 4-ilovalarida nazarda tutilgan tovarlarni eksport qilish bo‘yicha kontraktlar mustasno;

eksport qilinayotgan tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikat ilgari xuddi shunday tovar uchun aynan sertifikat olgan arizachiga bir ish kuni mobaynida beriladi.
 
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga quyidagi asosiy vakolatlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil institutini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish tavsiya etilsin:

tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish;

tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qo‘llab-quvvatlash;

tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilayotganligini o‘rganish;

qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishiga ta'siri samaradorligini baholash;
 
davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish.
 
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarga yo‘naltirilgan asoslangan takliflar kiritsinlar:
 
soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni yig‘ish xarajatlarini kamaytirish, masofaviy nazoratni keng joriy etish va soliq to‘lovchilarning huquqiy savodxonligini oshirishni ta'minlaydigan soliq ma'murchiligi sifati va samaradorligini yanada yaxshilash;

respublikaning eksport salohiyati o‘sishini, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb etishni va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirishni rag‘batlantiradigan valyutani tartibga solishning va valyutalar kursi siyosatining ilg‘or bozor mexanizmlarini joriy etish;
 
tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati yuzasidan qisqa muddatli tekshirishlarni tayinlash va o‘tkazishning aniq huquqiy asoslari hamda mezonlarini nazarda tutgan holda qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish;
 
tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatining kameral nazorati samaradorligini oshirish orqali tekshirishlarni o‘tkazish soni va muddatlarini qisqartirish;

huquqbuzarliklarning oldini olish va qonunga itoatkor tadbirkorlik sub'yektlarining barqaror faoliyati kafolatlarining asosiy mexanizmlaridan biri sifatida auditorlik tashkilotlari va soliq maslahatchilari ko‘rsatayotgan xizmatlar sifati va taqdim etayotgan xulosalarining haqqoniyligi uchun javobgarlikni kuchaytirish yuzasidan ular faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish;
 
bank faoliyatini tartibga solishning zamonaviy tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, davlat organlari tomonidan tijorat banklari faoliyatiga, birinchi navbatda, kredit siyosatiga ma'muriy aralashuvlarning oldini olish va ularga yo‘l qo‘ymaslik;

bankning samarali faoliyat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qiluvchi g‘ovlarni tugatish, shuningdek, mijozlarning o‘z pul mablag‘larini erkin tasarruf etish huquqi to‘liq ro‘yobga chiqarilishini ta'minlash.
 
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, "O‘zstandart” agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:

barcha texnik talablarni (sanitariya, ekologiya, shaharsozlik normalari va qoidalari, yong‘in xavfsizligi qoidalari, standartlashtirishga doir normativ hujjatlar va texnik normativlarni) xatlovdan o‘tkazsin hamda ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda samarasiz, eskirgan va bozor mexanizmlarining o‘rnini egallab olgan normalarni bartaraf etadigan tegishli normativ hujjatlarni ishlab chiqsinlar va qabul qilsinlar;

texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi amaldagi normativ hujjatlardan moneliksiz va bepul foydalanish imkonini berish maqsadida ularning jahon Internet axborot tarmog‘idagi o‘z rasmiy veb-saytlarida joylashtirilishi va doimiy yangilab borilishini ta'minlasinlar.

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Bosh prokuraturasi, Moliya vazirligi va Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:

nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik sub'yektlari va ularning xodimlariga nisbatan ma'muriy jazolarni qo‘llash borasidagi funksiya va vakolatlarini bosqichma-bosqich sud organlariga o‘tkazish yuzasidan takliflar kiritsinlar;

iqtisodiy jinoyatlar sodir etish, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga noqonuniy aralashish oqibatida yetkazilgan zararni aniqlashning asoslangan yagona mezonlari va asoslarini ishlab chiqsinlar.

8. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy sud, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

fuqarolar va tadbirkorlarning, eng avvalo, davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga, shuningdek, korrupsiya tusidagi huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilishga qaratilgan "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini;

jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq normalarini yanada liberallashtirish bo‘yicha takliflarni;

qonun hujjatlariga, eng avvalo, xususiy mulk daxlsizligini ta'minlashga, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga asossiz aralashishga va ularning faoliyati to‘xtatib qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha moliya-xo‘jalik faoliyati tekshiruvlarini (taftishlarni) tayinlash, o‘tkazish va ularning muddatini uzaytirishning aniq protsessual tartibi belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni belgilangan tartibda kiritsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi tadbirkorlar huquqlarining sud orqali ishonchli himoya qilinishini, shaffoflik va xolislikni ta'minlash maqsadida uch oy muddatda sud majlislariga audio va video qayd etish mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilishini, shuningdek, qabul qilingan sud qarorlari veb-saytlarda joylashtirilishini nazarda tutuvchi dasturning ishlab chiqilishini ta'minlasin.
 
10. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda tadbirkorlik sub'yektlariga faqat davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha yagona markazlar orqali "yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish yuzasidan takliflar kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda ruxsat berish tartib-taomillari, litsenziya berish va tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga normativ-huquqiy hujjatlar qanchalik muvofiqligini tanqidiy o‘rganish asosida Vazirlar Mahkamasiga eskirib qolgan va zamonaviy talablarga javob bermaydigan ruxsat beruvchi hujjatlarni bekor qilish hamda ruxsat berish tartib-taomillarining muddatlarini qisqartirish yuzasidan takliflar kiritsin.

12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri R.S.Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmalariga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
vazifasini bajaruvchi                                             
Sh.Mirziyoyev


Категория: Har-Hil | Просмотров: 658 | Добавил: Admin | Теги: Shavkat Mirziyoyev yangi muhim farm | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Профил
Время:09:26
Добро Пожаловать, Mexmon
Переводчик сайтов
Поиск
Для Android
Реклама
Календарь