Janubiy Afrikadan Rossiyaga kelgan ikki kishida koronavirusning "omikron” shtammi aniqlandi. Bu haqda "Rospotrebnadzor”ga tayanib, Meduza xabar berdi.
"Karantin binosiga joylashtirilgan kuniyoq PZR-testi ijobiy chiqqan ikki bemorda ‘Rospotrebnadzor’ Markaziy epidemiologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan genom bo‘yicha sekvenlash natijasida ‘omikron’ shtammi tasdiqlandi”, — deyiladi muassasa xabarida.
"Rospotrebnadzor” ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga Janubiy Afrika va qo‘shni davlatlardan kelgan 10 kishida koronavirus aniqlangan, ammo ularda aynan qanday shtamm borligi hozirda tekshirilmoqda. Tashrif buyuruvchilarning hammasi karantindan o‘tish uchun mo‘ljallangan binoga yuborilgan.
Avvalroq 4-dekabr kuni Keyptaundan Moskvaga kelgan rossiyalik fuqaro Yuliya Demina mamlakatga qaytgach, yo‘talib, isitmasi ko‘tarilganini ma’lum qilgan. Tibbiy yordam xodimlari unga "‘omikron’ yuqtirgan bo‘lishi mumkin”ligini aytgan. Bu haqda rasmiy izoh berilmagan.
Koronavirusning yangi "omikron” shtammi birinchi marta 11-noyabr kuni Janubiy Afrikada topilgan. Rossiyada 2-dekabrdan boshlab Janubiy Afrika va unga qo‘shni davlatlardan qaytganlarning barchasi uchun ikki haftalik karantin joriy etildi.
Britaniyalik olimlarning ta’kidlashicha, yangi shtamm tarqalish tezligi tufayli avvalgilariga, jumladan deltaga qaraganda xavfliroq bo‘lishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mavjud vaksinalar ushbu shtammga qarshi samarasiz bo‘lishi mumkin, degan shubhalar tufayli "omikron”ni xavfli deb tan oldi. Tashkilot, shuningdek, ilgari koronavirusni boshdan o‘tkazganlarda "omikron” bilan qayta kasallanish ehtimoli yuqoriligini ma’lum qildi.
Keyinroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti yangi shtamm tufayli mamlakatlararo harakatlanishga qo‘yilayotgan taqiqlarni samarasiz va adolatsiz deb atadi.
Ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, "omikron” shtammi 45 dan ortiq mamlakat va hududlarda qayd etilgan.