Kecha, 15 avgustda og‘ir atletikachi Ruslan Nuriddinov oltin medalga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston medallar jamg‘arish bo‘yicha 27- o‘ringa chiqib oldi.
Kecha, 15 avgust kuni Rio-de-Janeyroda o‘tkazilayotgan Olimpiadada 13 nafar sportchi O‘zbekiston sharafini himoya qilish uchun bahslarda ishtirok etdi. Og‘ir atletikachi Ruslan Nuriddinov Olimpiada chempioni bo‘ldi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bokschi Shahram G‘iyosov esa finalga yo‘l oldi. U endi oltin medal uchun kurash olib boradi. Yana bir o‘zbekistonlik bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev 75 kilogramm vazn doirasida chorak final bahslarida hindistonlik Vikash Krishanni mag‘lubiyatga uchratdi. U yarim final bahslarida ishtirok etadi. Bu bilan Bektemir kamida bronza medalini naqd qildi.
Rio Olimpiadasida medallar jamg‘arish bo‘yicha O‘zbekiston 27-o‘ringa chiqib oldi. Uning hisobida ikkita oltin va to‘rtta bronza medali bor. Ro‘yxatning birinchi o‘rnida hamon AQSH bormoqda. Mazkur davlat sportchilari jami 75ta medal jamg‘arishdi. Undan keyingi o‘rinlarda Buyuk Britaniya (41), Xitoy (46, oltinlar soni bo‘yicha britaniyaliklardan ortda qolmoqda) va Rossiya (36) davlatlari reytingning yuqori o‘rinlarida turishibdi.
Bugun, 16 avgust kuni O‘zbekiston sharafini himoya qilish uchun 9 nafar sportchi bahs olib boradi:
Gerasim Kochnev – (Kanoyeda eshkak eshish, final) soat 17:08da.
Aleksey Mochalov – (Baydarkada eshkak eshish, 9-16 o‘rinlar uchun) soat 18:12da.
Valentina Kibalnikova – (Yengil atletika, 100 metrga to‘siqlar osha yugurish, saralash) soat 19:40da.
Fazliddin G‘oibnazarov – (Boks, chorak final) soat 20:15da.
Murodjon Ahmadaliyev – (Boks, chorak final) soat 01:45da.
Bahodir Jalolov – (Boks, chorak final) soat 02:45da.
Sardorbek Do‘stmurodov – (Og‘ir atletika) soat 23:30da.
Rustam Jangibayev – (Og‘ir atletika) soat 23:30da.
Yuliya Tarasova – (Yengil atletika, uzoqlikka sakrash, saralash) soat 05:05da.