
Ko‘plab filmlari bilan o‘zbek kinosi tarixida o‘chmas iz qoldirgan rejissyor, san'at arbobi Melis Abzalov 78 yoshida Shvetsiyada vafot etdi. Bu haqda rejissyor Ali Hamroyev ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasi orqali xabar berdi.
"25 oktyabr tongi. Bulutli va yomg‘irli. Stokgolmdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. O‘zini tuta olmay yig‘layotgan ovoz. Darhol so‘radim:
— Nazira, sizlarda qandaydir baxtsizlik bo‘ldimi?..
— Dadam vafot etdi! Xonasidan chiqayotib yiqildi. Infarkt...”, deb yozadi Hamroyev.
Ma'lumotlarga ko‘ra, so‘nggi oylarda Melis Abzalov Shvetsiyada, qizining uyida yashab kelayotgandi. Shuningdek, Shvetsiyada rejissyorning o‘g‘li, 6 nabirasi va 6 nafar abiralari istiqomat qilishadi.
Ali Hamroyev do‘sti Melis Abzalov haqidagi keyingi postda rejissyor bilan vidolashuv ertaga, 26 oktyabr yevropa vaqti bilan soat 11:00da bo‘lib o‘tishini, buyuk iste'dod sohibi Stokgolmdagi Pastorsexpeditionen i Kungsängen & Västra Ryd Förs musulmonlar qabristoniga dafn etiladi. Xabarda marhumning oila a'zolari Melis Abzalovni barcha yaqinlar mangu oram topgan o‘sha maskanga dafn etishga ahd qilganlari aytiladi.
Ma'lumot uchun, rejissyor bilan Toshkentda hayrlashishni istaganlar ertaga, 26 oktyabr kuni, mahalliy vaqt bilan metroning "Buyuk ipak yo‘li” stansiyasi, Muhammad Yusuf ko‘chasi, 68-uy 1-kvartiraga kelishlari mumkin.
Rejissyor Melis Abzalov nodir kinoasarlari, har bir o‘zbek xonadoniga kirib borgan kartinalari – "Kelinlar qo‘zg‘aloni”, "Suyunchi”, "Chimildiq”, "Chinor ostidagi duel”, "O‘tgan kunlar” bilan xalqimiz xotirasida umrbod saqlanib qoladi.
Fursatdan foydalanib, tahririyatimiz nomidan marhumning oila a'zolari va yaqinlariga ta'ziya bildiramiz.