Kecha, 26 oktyabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Yo‘l harakati xavfsizligi davlat inspeksiyasi (YHXDI) xodimlari Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirovning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (SHG‘FO)dagi vakolatxonasi rahbari Islom Xizriyevdan giyohvand moddalar topdi. Bu haqda 47news‘ga tayanib, rus nashrlari yozmoqda.
Qayd etilishicha, YHXDI xodimlari Xizriyev boshqaruvidagi hashamatli Porsche Cayenne Turbo rusumli avtomobilni to‘xtatgan. Haydovchi Xizriyev hushida emasligiga aniqlik kiritilgan. Shu sababli xodimlar tekshiruv o‘tkazishga qaror qilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida Xizriyevdan uch gramm narkotik psixostimulyator moddasi olingan.
Tibbiy ko‘rik davomida haydovchining qonida giyohvand moddalar qoldiqlari borligi aniqlangan. U ikki kunga hibsga olingan.
Tergov tomonidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi (Giyohvandlik vositalarini katta hajmdagi noqonuniy olish, saqlash, tashish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bugun, 27oktyabr kuni sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bunga qadar Qodirovning sherigi, Grozniydagi "Shimol” polkining sobiq komandiri Rahmon Abdulqodirov Moskvada giyohvand moddadar ta’siri ostidaligida qo‘lga olingan edi.
Ma’lumot o‘rnida, Ramzan Qodirov 2007 yildan beri Chechenistonga rahbarlik qilib keladi. Qayd etish kerakki, Ramzan Qodirovnning otasi Ahmat Qodirov ham Chechenistonga rahbarlik qilgan (2000-2004). 2004 yilning 9 may kuni Grozniy shahridagi "Dinamo” stadionida "G‘alaba kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan bayramda terakt yuz bergan. Sodir bo‘lgan katta portlashda Respublikaning o‘sha paytdagi rahbari Ahmat Qodirov ham halok bo‘lgan. Qodirov 2022 yilgi TOP-500 eng nufuzli musulmonlar ro‘yxatiga kiritilgan.