Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov Xitoyning Fransiyadagi elchisining postsovet mamlakatlari xalqaro huquqda haqiqiy maqomga ega emasligi haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi. Bu haqda "Nur.kz” xabar berdi.
Qozog‘iston TIV rasmiysi Xitoy Tashqi ishlar vazirligining pozitsiyasiga qo‘shilganini bildirdi. Avvalroq Xitoy TIV rasmiy vakili Mao Ning Pekin SSSR tarkibiga kirgan barcha mamlakatlar suverenitetini hurmat qilishini aytgandi.
"Men Xitoy Tashqi ishlar vazirligining bugungi hamkasbim tomonidan bildirilgan pozitsiyasiga qo‘shilaman. Lekin shuni aytamanki, 1992-yil 2-martda Qozog‘iston BMTga a’zo bo‘ldi. Tashkilotga qabul qilish to‘g‘risidagi qaror Xavfsizlik Kengashi tavsiyasi asosida Bosh Assambleya tomonidan qabul qilinadi. Xitoy ham uning doimiy a’zosi hisoblanadi”, — dedi u.
Smadiyarov 1991-yil 16-dekabrda Qozog‘iston mustaqilligi e’lon qilinganidan keyin Xitoy birinchilardan bo‘lib respublika mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olganini aytdi. Oradan ko‘p o‘tmay, 1992-yil 3-yanvarda mamlakatlar diplomatik munosabatlar o‘rnatilganini rasman e’lon qildi.
"Xalqaro huquqda diplomatik munosabatlarning o‘rnatilishi davlatning xalqaro huquq subyekti sifatida tan olinishini anglatadi. Bundan tashqari, 2002-yil 23-dekabrda Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi fundamental shartnoma imzolandi”, — dedi Smadiyarov.
Siyosatchi ushbu hujjatga muvofiq tomonlar suverenitet va hududiy yaxlitlikni o‘zaro tan olishini bildirdi.
"Men Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasidagi jiddiy munosabatlar bo‘yicha barcha fikrlarni sanab o‘tdim, bu so‘zlarga (sobiq SSSR davlatlarining xalqaro huquqdagi maqomi to‘g‘risida) javob berishga hojat yo‘q. Xitoy TIV allaqachon o‘z pozitsiyasini bayon qilib, elchisining xatti-harakatlarini tushuntirdi. Diplomat Parijda ishlaydi. Keling, so‘zlarni aylantirib, ularni butunlay boshqa mavzuga olib bormaylik”, — deya xulosa qildi Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi vakili.
Xitoyning Fransiyadagi elchisi sobiq SSSR davlatlari suvereniteti haqida nimalar degandi?
Xitoyning Fransiyadagi elchisi Lu Shay Qrim yarimorolini tarixiy jihatdan Rossiyaniki deb atadi va Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin tashkil topgan mustaqil davlatlar go‘yoki dunyoda qonuniy mustahkamlangan maqomga ega emasligini aytdi.
Diplomat sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari go‘yoki amaldagi xalqaro huquqda hech qanday samarali maqomga ega emasligi, chunki "birorta ham xalqaro shartnomada ularning suveren davlat sifatidagi maqomi belgilab qo‘yilgani yo‘q”ligini bildirgandi.
Xitoy elchisining bayonotini Boltiqbo‘yi davlatlari va Ukraina, Fransiya keskin qoraladi. Ular rasman Xitoyni mazkur bayonotga munosabat bildirishga chaqirdi.
Xitoy tashqi ishlar vazirligi munosabati
"Tegishli masala bo‘yicha Xitoyning pozisiyasi o‘zgarmagan. Hududiy suverenitetga kelsak, Xitoyning pozisiyasi doimo aniq bo‘lib kelgan. Xitoy barcha mamlakatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qiladi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomining maqsad va tamoyillarini qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi Xitoy TIV vakili Mao Nin.