Qozog‘iston harbiylari maxsus qurollar bilan ta'minlanishi ma'lum qilindi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Harbiy politsiyasi bosh boshqarmasi "Qozog‘iston Qurolli kuchlarida xizmatda bo‘lgan va foydalaniladigan maxsus texnikalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyruq loyihasini ishlab chiqqan. Unda harbiylarga beriladigan 15 ta maxsus texnika ro‘yxati e'lon qilingan. Ular quyidagilardan iborat:
zarba o‘tkazmaydigan qalqon (himoya);
metall kishanlar;
ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz balloni;
maxsus tayoq;
himoya qalqonlari to‘plami;
o‘limga olib kelmaydigan qurollar (travmatik patronlar bilan);
har xil darajadagi himoya zirhlari;
granatalar;
avtotransport vositalarini majburiy to‘xtatish asboblari;
binolarni ochish uchun asboblar;
elektroshok qurilmalari;
xizmat itlari va boshqalar.
Mudofaa vazirligining ma'lum qilishicha, ushbu loyihaning ommaviy muhokamasi 20 dekabrga qadar davom etadi. Hujjat "harbiy xizmatchilar ishtirokida turli tadbirlar o‘tkazishda huquq-tartibotni ta'minlashda ishtirok etuvchi harbiy politsiya bo‘linmalari uchun taqdim etiladigan maxsus vositalar nomi ro‘yxati”ni ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, departamentning ta'kidlashicha, gap "harbiy paradlar, ‘KADEXʼ xalqaro ko‘rgazmasi, mashqlar, harbiy texnika va o‘q-dorilarni tashish bo‘yicha tadbirlar” haqida bormoqda.
Qayd etilishicha, maxsus qurollar orasida nomi keltirilgan ba'zi qurilmalar qoida tariqasida hokimiyat tomonidan miting va ommaviy norozilik namoyishlarini bostirish uchun ishlatiladigan vositalardir. Hujjat 3 dekabr kuni e'lon qilingan.
Avvalroq Rossiya kosmosda yangi qurolni sinovdan o‘tkazgandi. Shuningdek, Tojikistondagi harbiy bazasiga yangi qurollar joylashtirgandi.