Qirg‘iziston Tojikiston chegarachilarining 19-oktabr kungi bayonotini "haqiqatdan yiroq” deb atadi. Bu haqda Asia Plus xabar bermoqda.
19-oktabr kuni Tojikiston Chegara boshqarmasi Qirg‘izistonni ikki mamlakat o‘rtasidagi chegarada vaziyatni beqarorlashtirishda va provokatsiyalarda aybladi. Tojikiston chegarachilari bir nechta fotosuratlar ilova qilib, "Qirg‘iziston tomoni erishilgan kelishuvlarga qaramasdan, chegara chizig‘iga og‘ir qurol-yarog‘larni tortib kelayotgani”ni ma’lum qildi.
19-oktabr kuni kechqurun qirg‘iz chegarachilari, o‘z navbatida, tojik harbiylarini "ig‘vogarlik”da aybladi. Fotosuratlar esa sentabrda, Qirg‘iziston o‘z qo‘shinlarini chegaradan olib ketayotganida olinganini ma’lum qildi.
Tojikiston ham, Qirg‘iziston ham bir-birini okoplar qazishda va chegarada yangi nizoga tayyorgarlik ko‘rishda aybladi, bunga dalil sifatida suratlar ilova qildi.
Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 26-sentabrdan 15-oktabrgacha bo‘lgan davrda Qirg‘iziston uchuvchisiz uchar qurilmalari 13 marta Tojikiston havo hududiga buzib kirgan.
Xuddi shunday bayonot bilan qirg‘iz tomoni ham chiqish qildi, 25-sentabrdan keyin Tojikiston qo‘shinlarining Qirg‘iziston hududiga bostirib kirishi bilan bog‘liq 10 ta holat qayd etilganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, qirg‘iz chegarachilari tojik tomonini "yollanma jangchilarni tayyorlashda hamda qurol va o‘q-dorilar saqlashda masjidlardan foydalanish”da aybladi.
Sadir Japarov Putindan yordam so‘radi
Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Rossiya rahbari Vladimir Putindan Tojikiston bilan chegarani delimitatsiya qilish masalasini hal etishda yordam so‘ragani ma’lum qilingandi. Rossiya prezidenti bu haqda o‘ylab ko‘rishga, hujjatlarni ko‘tarishga, tomonlarning variantlarini ko‘rib chiqib, ularni baholashga va’da bergan.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Qojikiston rahbari Emomali Rahmonning uchrashuvi o‘tgan hafta Ostonada bo‘lib o‘tdi. Ular qirg‘iz-tojik davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalasini muhokama etdi.
Chegaraga KXSHT qo‘shinlarini joylashtirish taklif qilindi
Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegarada vaziyatni yumshatish uchun uning yaqinda nizo yuzaga kelgan qismiga Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) harbiy kontingentini joylashtirishni maqsadga muvofiq deb hisoblashi haqida 19-oktabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Qirg‘iziston mudofaa vaziri Baktibek Bekbolotov ma’lum qildi.
"Qirg‘izlar va tojiklar o‘rtasiga hakamlik sudyasi kirmagunicha, Tojikiston bilan chegarada tinchlik va xotirjamlik bo‘lmaydi. Bahsli hududlarga KXSHTning kichik kontingentini joylashtirish mumkinki, ular texnikaning chegara yaqinidan olib ketilishini va o‘t ochishni to‘xtatish rejimini nazorat qilsin”, — dedi u.
Chegaradagi ziddiyat
Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasidagi katta ko‘lamli jangovar to‘qnashuvlar 14—17-sentabr kunlari sodir bo‘ldi. Tomonlar haligacha bir-birini otishmalarda ayblamoqda.
Qirg‘iziston to‘qnashuvlar natijasida 62 nafar fuqarosi halok bo‘lib, 198 nafari jabrlanganini ma’lum qildi. Tojikiston esa rasman 41 nafar qurbon va 30 nafar yarador haqida bayonot berdi.
25-sentabr kuni ikki mamlakat vakillari vaziyatni tartibga solish haqida bayonnoma imzolab, chegaradagi nizoni to‘xtatishga hamda uni delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonini tezlashtirishga kelishib oldi.