Ijtimoiy tarmoqda fuqarolar va MIB xodimlari o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.
Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumanlararo sudining 2019-yil 20-sentabrdagi ijro varaqasiga asosan N.M.ga tegishli bo‘lgan Yakkabog‘ shahri, "Jambul” MFY, Jambul ko‘chasi 57-uyning yer maydonida fuqaro N.U. tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan 6 xonadan iborat imoratlarning U.N. hayotligi davrida qurilgan 59,01 kvadrat metr yer maydonidagi qismidan tashqari qismi majburiy tartibda buzdirish belgilangan.
Ushbu ijro hujjati byuroning Yakkabog‘ tuman bo‘lim ish yurituviga 2020-yil 22-oktabrda kelib tushgan va ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Mazkur ijro varaqasiga asosan "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 23-moddasiga ko‘ra, ijro hujjatidagi talablarni ixtiyoriy ravishda bajarish uchun ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilgan kundan e’tiboran fuqaro N.U.ga ko‘pi bilan o‘n besh kunlik ixtiyoriy muddat berilgan bo‘lsa-da, u sud qarori ijrosini ta’minlashdan bo‘yin tovlab kelgan.
Shu bilan birga, davlat ijrochisi tomonidan fuqaro N.U. va uning shu xonadonida yashab kelayotgan oila a’zolariga mazkur sud qarori ijrosini ixtiyoriy ravishda bajarishi yuzasidan bir necha marotaba yozma va og‘zaki ogohlantirish xatlari berilgan.
Biroq fuqaro N.U. tomonidan sud qarori ijrosi ixtiyoriy bajarilmaganligi sababli imoratni majburiy tartibda buzdirish yuzasidan 2020-yil 11-noyabr, 2020-yil 30-noyabr, 2020-yil 16-dekabr, 2021-yil 3-fevral, 2021-yil 17-fevral, 2021-yil 29-mart. 2021-yil 13-aprel, 2021-yil 24-aprel, 2021-yil 29-aprel, 2021-yil 1-may va 2021-yil 19-mayda majburiy ijro harakatlari tayinlangan.
Tayinlangan majburiy ijro harakatlarida ishtirok etishi lozim bo‘lgan tegishli (tuman IIB va TTYO) tashkilotlardan vakillar ishtirok etmaganligi sababli qonunning 33-moddasiga asosan majburiy ijro harakatlari keyinga qoldirilgan.
Shuningdek, imoratni majburiy tartibda buzdirish yuzasidan qayta Yakkabog‘ tumani, "Jambul” MFY, Jambul ko‘chasi 57-uyga davlat ijrochilari va majburiy ijro harakatida ishtirok etishi lozim bo‘lgan tegishli (tuman IIB, TTYO va boshqalar) tashkilotlarning vakillari bilan 2021-yilning 9-iyul kuni borilganda fuqaro N.U., uning turmush o‘rtog‘i M.R. o‘g‘li M.T. hamda yaqin qarindoshlari J.T. va A.T. sud qarori ijrosini ta’minlanishiga faol qarshilik ko‘rsatib, maxsus tayyorlab qo‘yilgan 2 dona 1 litr hajmli yelim idishlarga solingan avtotransport vositasining (benzin) yoqilg‘isini davlat ijrochilari va IIB xodimlarining xizmat kiyimlariga (ustiga) sepib yoqib yuborishga urinib, davlat organi xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagani aniqlangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, fuqaro N.U. va boshqalarning xatti-harakatlariga nisbatan qonuniy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar 2021-yil 12-iyulda tuman prokuraturasiga yuborildi.
Bundan avval Farg‘onada oilaviy janjal tufayli o‘zini poyezd ostiga tashlamoqchi bo‘lgan ayol qutqarib qolingani, Namanganda suv talashib, 63 yoshli fuqaroni urib o‘ldirib qo‘ygan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani hamda Buxoroda profilaktika inspektorini urgan erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.