O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat Kengashi tomonidan tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida odam savdosidan jabrlangan 9 nafar yoshlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatildi. Bu haqda Yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat Kengashi "Qalampir.uz”ga ma'lum qildi.
Jumladan, yoshlarning taklif va istaklaridan kelib chiqib, ular O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi a'zoligiga qabul qilindi.
Odam savdosidan jabrlangan quyidagi shaxslarga turli ijtimoiy-huquqiy yordamlar berildi:
Abdurahmonov Zohidjon Yoshlar ittifoqi ko‘magida viloyat Mehnat boshqarmasi hamkorligida Qarshi tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirildi;
To‘raqulov Zufar Respublika "Yoshlar markazi” Qashqadaryo bo‘linmasidagi "Koreys tili” to‘garagiga jalb etildi;
Poyonov Komiljonni kasb-hunar kollejidagi o‘qishiga tiklash bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda chora-tadbirlar ko‘rilmoqda;
Qarshiyev Jamoliddin bugungi kunda oliy ta'lim muassasasida ta'lim olayotganligi bois, tushunchalar berilib boshlang‘ich tashkilot yetakchisiga biriktirildi.
Bundan tashqari, mavsumiy ish bilan bandligini bildirgan 5 nafar jabrlangan yoshlarga Yoshlar ittifoqi qoshidagi bepul to‘garaklar haqida hamda o‘z yashash manzilidagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma'lumotlar berildi.
"Targ‘ibot tadbirlari va tushuntirish ishlarining olib borilishiga qaramay, hali hamon ayrim yoshlarimiz ushbu jinoyat qurboniga aylanib qolishmoqda. Ayniqsa, chaqaloqlar savdosining ortib borayotgani mutasaddilarning yanada mas'uliyatli bo‘lishini taqazo qilyapti. Ochiq muloqot davomida har bir jabrlangan yosh bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazilib, huquqiy himoyasi va bandligini ta'minlashga alohida etibor qaratilmoqda”, deydi Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Mahliyo Shukurova.