Ko‘plab Toshkentliklarning, qolaversa, poytaxtga tashrif buyurgan mehmonlar xotirasida Toshkent metrosi iliq taassurotlar, unutilmas damlar bilan yodga qolgan. Ayniqsa, oltin davr – talabalikning ham metro bilan bog‘liq esdaqolarli damlari ko‘p.
O‘zbekiston Respublikasi Prezident Matbuot xizmati rahbari Komiljon Allamjonov ham Toshkent metrosiga tushib, yorqin xotiralarini yodga oldi. U ijtimoiy tarmoqqa metro bekatida turgani tasvirlangan suratni joylashtirib, shunday yozadi.
"Chin yurakdan Toshkent metrosini dunyodagi eng chiroyli metro deb hisoblayman. Esimni tanibmanki, hamisha metromizning naqshlari, me'moriy yechimlari va gumbazlarini qiziqish bilan kuzataman. Televideniyeda ishlashni boshlagan kezlarim, 17 yoshimda, metroda ko‘p yurganman.
Kunning bir muhim vaqti bor edi – tungi 12:03. Men shu vaqtgacha Navoiy stansiyasigacha yugurib yetib olishim, oxirgi poyezdga ulgurishim kerak edi. MTRK Paxtakor stansiyasi yonida joylashgan bo‘lib, ko‘pincha shu stansiyaga tushib, bor kuchim bilan yugurardim, axir ulgurmasam, eshiklar taraqlab berkilib qolishi mumkin edi. Metro grafigi meni durustgina yugurishga ham o‘rgatib qo‘ygandi.
Men Beruniy stanitsiyasigacha borardim. Bo‘shgina vagonda besh yoki olti yo‘lovchi bo‘lardi, xolos. Ko‘pincha yo‘lda uxlab qolardim. Uyg‘otgich vazifasini esa "Beruniy – oxirgi bekat” degan ovoz bajarardi. Sakrab turib, metrodan chiqardim. Keyin esa to‘rttagacha hamroh to‘plab oladigan taksiga o‘tirardim. Ertalab ham shu yo‘nalishda harakatlanardim, yagona farqi metrogacha trolleybusda kelardim. Tunda trolleybuslar yurmay qo‘ygan bo‘lardi-da. Uyga yetib olgach, ovqatlanishga-da holim qolmay, to‘shakka yiqilardim va o‘sha zahoti uxlab qolardim. Ko‘p yillar shunday rejimda ishladim.
Metroda atrofni tomosha qilishga oshno edim – turfa nigohlar, hayot tarzi va dunyoqarashga ega odamlar oqimi o‘ziga maftun etardi. Turli chexralar, xursand va xorg‘in, sertashvish va muammosiz. Menga kuzatish, o‘ylash, fikrlash yoqardi. Metroning g‘ovur-g‘uvuri, muhiti, o‘ziga xos hidi – o‘sha paytga tegishli sinov va tajribalarim, umid va orzularim davrining muhim belgilaridan. Men ba'zida stansiyada soatlab o‘tirardim va bu menga doim yoqardi.
Afsuski, menda o‘sha paytlardan esdalik suratlar yo‘q. Ammo bugungi davr suratlari paydo bo‘ldi. Men Toshkent metrosining go‘zalligi va hashamati nafaqat xotiralarimizda, balki ko‘plab foto va videolarimizda muhrlanib qolishidan xursandman. Suratga olish g‘oyalari uchun qanday zo‘r kenglik-a!”
Prezident Shavkat Mirziyoyevning oddiy, samimiy, kamtarligi haqida ko‘p gapiriladi. Uning odamlar orasiga kirib borishi ham shundan. Ulardan o‘zini ayri tutmaydi. Prezidentning atrofida ham shunday insonlar to‘plangan. Ular doim odamlar bilan birga, ularning tashvishlaridan xabardor.