Yo‘l azobi – go‘r azobi”. Ammo hozirgi zamonda cho‘ntagingizga qarab yo‘l azobini yengillashtira olasiz. Uzoq masofalarga safar asnosida hech qanday qiyinchilik his etmasligingiz uchun barcha imkoniyatlar muhayyo.
AQSHda chop etiladigan "Forbes” jurnali tuzgan eng qimmat aviaparvozlar ro‘yxatiga ko‘z yugurtirib, bunga o‘zingiz ishonch hosil qiling.
Mazkur klass Abu-Dabi – London – Abu-Dabi reysi. Lyuks parvoz borish-kelish bilan "atigi” 37 515 dollarga tushadi. Reyslar A-380 samolyotida amalga oshiriladi. Havo laynerida o‘zingizni besh yulduzli mehmonxonada his qilasiz. Ikki kishiga mo‘ljallangan kabinada uchta bo‘lma mavjud: o‘rindiq, stol va televizori bor bo‘lma, ikki kishilik karavotli yotoqxona hamda dush kabinasi bor vannaxona. Kabinaga alohida xodim xizmat ko‘rsatadi, ovqatlarni esa "qo‘li gul” maxsus oshpaz tayyorlaydi.
Reyslar Singapur – Nyu-York, Nyu-York – Frankfurt va Singapur – London yo‘nalishlarida amalga oshiriladi. Frankfurtdan Nyu-Yorkka borib-kelish chiptasi 8015 dollar turadi. Agar qo‘shni lyuks klass bo‘sh bo‘lsa, o‘rtadagi to‘siq olib tashlanadi va shu tariqa kabina maydoni ikki baravar kengayadi.Mazkur klass mashhur brendlarning mubtalolari uchun ayni muddao: parvoz paytida tansiq taomlardan oldin Dom Perignon shampan vinosi beriladi, taomlar esa Givenchy idishlarida tortiladi, pijama va choyshablar ham ushbu fransuz brendiga tegishli. Vannaxonada esa Salvatore Ferragamo kosmetika vositalari mavjud.
Sayyohlarga 16 kun va undan ko‘proq muddatga mo‘ljallangan safarlar taklif etilmoqda. Masalan, istaganlar 24 kun davomida yer yuzini aylanib chiqishlari mumkin. Aviasayyohlar Sietl, Tokio, Pekin, Istanbul, Sankt-Peterburg, Marokash va Nyu-Yorkka borishib, Maldiv orollarida hordiq chiqarishadi, Tanzaniyada yovvoyi tabiat qo‘ynida bo‘lishadi. Bunday sayohat ikki kishiga 119 ming dollarga tushadi. Bu narxga parvozdan tashqari sayohat asnosida Four Seasons mehmonxonalarida yashash, ovqatlanish va ekskursiyalar ham kiradi. Reys Boeing 757 samolyotida amalga oshiriladi.
Sayyohlarni har bir mamlakatda qiziqarli dasturlar kutmoqda. Aytaylik, Istanbulda haqiqiy turk hammomiga borishadi, Bosfor bo‘g‘ozida sayr qilishadi va quyosh botishiga guvoh bo‘lishadi. Tanzaniyada esa maxsus avtomobilda sherlar va ohularni yaqindan tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Mazkur klass Yaponiya aviakompaniyasining Tokio – Los-Anjeles, Tokio – Singapur va Tokio – Frankfurt yo‘nalishlarida parvoz qiladigan Boeing 777-300ER laynerlarida mavjud. Tokio – Los-Anjeles yo‘nalishida borish-kelish chiptasi 21 140 dollar turadi.
Birinchi klass eng avvalo aeroportdan to‘ppa-to‘g‘ri muzokaralarga yo‘l oladigan ishbilarmon kishilarga mo‘ljallangan. Kiyimlari g‘ijim bo‘lmasligi uchun garderob o‘rnatilgan, alohida telefon liniyasi va 23 dyuymli LCD monitor ham ularning xizmatida. Yo‘lovchilarga yaponcha taomlar taklif etiladi.