26-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahri ko‘chalarida kuchli shamol va chang bo‘ronlari kuzatilgani tasvirlangan videolar tarqalgandi. "O‘zgidromet” mazkur kuchli chang bo‘ronining asosiy sabablarini ma’lum qildi.
Andijon meteostansiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 26-may kuni soat 18:00 dan 19:00 gacha shaharda shiddatli kuchli shamol kuzatilgan. Bunda shamol tezligi soniyasiga 16 metrga yetgan. Kuchli shamol havo massasi juda beqaror bo‘lganda yuzaga keladigan konvektiv jarayonlar natijasida paydo bo‘ladi.
"Bizning hududimizda bunday jarayonlar atmosferaning sirtki qatlamida havo yetarlicha isiganda, harorat ko‘tarilganda esa tezda pasayishida ko‘pincha bahorda va yozning boshlarida rivojlanadi. Havo massasining termal beqarorligidan kelib chiqadigan faol vertikal harakatlar odatda kunning ikkinchi yarmida, kechga yaqin sodir bo‘ladi va yomg‘irli to‘p-to‘p bulutlar shakllanishiga va shiddatli shamol paydo bo‘lishiga olib keladi”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, bunday vaziyatlarda havo namligi yetarlicha bo‘lsa, momaqaldiroq kuzatiladi va jala yomg‘irlar yog‘adi. Ammo havo namlik bilan yetarli darajada to‘yinmagan va ushbu holatda faqat kuchli shamol yuzaga kelgan, shu sababli u yer yuzasidan qum va chang zarrachalarini ko‘targan.
Avvalroq 20-may kuni Toshkentda kuzatilgan kuchli shamol yerusti metro bekatlaridan birining tom qismiga zarar yetkazgani haqida xabar berilgan edi. Shamol oqibatida poytaxtning Sergeli va Zangiota tumanlariga tegishli "O‘zgarish” hududida elektr tarmog‘ida uzilish yuzaga kelgan, shuningdek, Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi ayrim mahallalar, Angren shahrining katta qismi elektr ta’minotisiz qolgan. Ohangaron shahrida shamol ta’sirida hatto ichimlik suvi ham o‘chgandi.