O‘zbekistonda mahkumlar insonparvarlik dalolatnomalari qo‘llanilmayotgani bo‘yicha ombudsmanga murojaat qildi. Ombudsman esa Ichki ishlar vazirligi va Oliy sudga ushbu holatni bartaraf etish yuzasidan so‘rov xati kiritgan. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili "ishonch telefoni”ga Toshkent viloyatidagi 43, 50 hamda Samarqand viloyatidagi 38-sonli manzil-koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan bir guruh mahkumlar murojaat qilgan. Unda mahkumlar ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoning belgilangan qismi o‘talgan bo‘lishiga qaramay, ularga nisbatan insonparvarlik dalolatnomasi qo‘llanilmayotganini bildirgan.
Inson huquqlari bo‘yicha vakil axborot xizmati xabariga ko‘ra, murojaatlar ombudsman tomonidan o‘rganilib, Ichki ishlar vazirligi va Oliy sudga ushbu holatni bartaraf etish yuzasidan so‘rov xati kiritilib, ijrosi nazoratga olingan. Natijada Jinoyat ishlari bo‘yicha tegishli sudlarning ajrimi bilan 48 nafar mahkumga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo axloq tuzatish ishlariga almashtirilgan.
Shuningdek, 3 nafar mahkumga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli ravishda ozod etishga va 2 nafar mahkumga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan. Qolgan 8 nafar mahkumning intizomiy jazosi mavjud bo‘lgani sababli insonparvarlik dalolatnomasi qo‘llanilishi rad etilgan.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 73, 74, 89-moddalarida (jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni o‘tashda muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki yengilrog‘i bilan almashtirish tartibi belgilangan.
Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylar, jumladan, gauptvaxta, intizomiy qism, tergov hibsxonalari, jazoni ijro etish koloniyalari va majburiy davolash muassasalarida saqlanayotgan shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari ombudsmanga 1096 qisqa raqamli "ishonch telefoni” orqali murojaat qilishi mumkin. Tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar ushbu muassasalarga o‘rnatilgan "Ombudsman qutilari”ga murojaatlarini tashlash imkoniga ega. Mazkur qutilar faqat ombudsman xodimlari tomonidan ochiladi.
Jazo o‘tayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari esa ombudsmanga info_ombudsman.uzb@umail.uz elektron pochtasi orqali murojaat yo‘llashi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning oktabrida Toshkentda o‘tkazilgan "O‘zbekistonda milliy preventiv mexanizmni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada inson huquqlari bo‘yicha vakil Feruza Eshmatova mahkumlardan ombudsmanga kelib tushayotgan murojaatlarga ham to‘xtalib o‘tgandi. O‘shanda u "hozirgi kunda jazoni ijro etish muassasalarida men o‘zim qiynoq holatlarini deyarli uchratganim yo‘q”, degandi.