
Kuz-qish oylarida benzin tanqisligi kuzatilishi an'ana tusiga kirgan. Har gildagidek, bu yil ham ko‘plab AYOQSHlar avtomobillar bilan gavjum. Navbat kutib turganlar-u benzin yetmay, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, ortga qaytayotganlar talaygina.
23 oktyabrdan e'tiboran O‘zbekistonda avtobenzin narxlari oshdi. Bu haqdagi xabarlar yashin tezligida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda. Tarqalilgan ma'lumotlarga qaraganda, benzin narxlari 23 oktyabr soat 00:00 dan boshlab quyidagi narxlarda sotiladi.
1 litr Ai-80 markadagi avtobenzin uchun – 2800 so‘m
1 litr Ai-91, AI-92, Ai-93 markadagi avtobenzinlar uchun – 3000 so‘m
1 litr Ai-95 markadagi avtobenzin uchun – 3300 so‘m
So‘nggi bor O‘zbekistonda avtobenzin narxlari 2016 yilning 1 yanvaridan oshirilgan edi. Raqamlar shuni ko‘rsatmoqdaki, yangi narxlarga ko‘ra Ai-80 725 so‘mga, Ai-91 esa 720 so‘mga oshirilgan.
Telegram messenjerida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari X.Shakirov imzo chekkan tezkor topshiriqning surati tarqatildi. Unda qayd etilishicha, avtobenzin narxi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 22 oktyabrdagi "Avtobenzin chakana narxining o‘zgarishi to‘g‘risida”gi 360-sonli qarori asosida o‘zgartirilgan.
Qaror bilan 2016 yilning 23 oktyabridan qonunchilikda belgilangan alohida toifadagi shaxslarga avtobenzin xarid qilish xarajatlarining oylik kompensatsiya miqdori 46700 so‘m miqdorida o‘rnatilgan.
Qarorda "O‘zneftmahsulot” AK va uning hududiy korxonalari, shuningdek, xo‘jalik sub'yektlariga qarashli AYOQSHlardagi avtobenzin qoldig‘i 22 oktyabr kuni soat 24:00 holatiga inventarizatsiya qilinishi hamda 23 oktyabr holatiga ularni qayta baholashda aniqlangan summani to‘liq davlat byudjetiga o‘tkazilishini ta'minlash belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, O‘zneftmahsulot” AK AYOQSHlardagi tirbandlikni benzin tanqisligi emas, aksincha, haydovchilarning shov-shuvlarga berilib, ortiqcha benzin g‘amlab qo‘yishga oshiqyotgani bilan baholagan edi.
"...ayrim shov-shuv ishqibozlari tomonidan aholi orasida "Bundan keyin AYOQSHlarda avtobenzin kamayib ketar ekan”, – degan umuman o‘rinsiz xabarning tarqatilayotgani. Bu xususda "O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi shuni ishontirib bayon qiladiki, yurtimizdagi neftni qayta ishlash zavodlari yonilg‘i mahsulotlarini yetarli ishlab chiqarmoqda va bundan buyon AYOQSHlarga nafaqat belgilangan miqdorda, balki unga qo‘shimcha miqdorda ham avtobenzin yetkazib berish rejalashtirilmoqda”, deyilgan edi kompaniyaning rasmiy xabarida.