Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda 28-yanvardan konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etishga ruxsat berildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi kundlarda kelib tushgan ko‘plab madaniyat soha vakillarining murojaatlarini inobatga olgan holda, shuningdek, aholi madaniy xordiq chiqarishlari uchun qulay sharoit yaratish maqsadida konsert-tomosha tadbirlarini 2021-yilning 28-yanvaridan boshlab sanitariya-epidemiologik talablarga qat’iy rioya etgan holda tashkil etishga ruxsat berildi.
Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan konsert va tomosha tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha quyidagi talablar belgilandi:
konsert saroylarining tomoshabin sig‘imini inobatga olgan holda tomoshabinlar sonini 50 foizdan oshirmagan holda tashkil etish;
konsert saroylarining tomoshabin o‘rindiqlaridan oraliq masofani saqlagan holda foydalanilishini ta’minlash va bu borada oraliq masofani saqlash uchun talab etiladigan o‘rindiqlarni konservatsiya qilish;
konsert saroylariga tashrif buyuruvchi tomoshabin hamda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar qat’iy niqobda bo‘lish.
"Shu o‘rinda ta‘kidlab o‘tish joizki, bugungi kunda dunyoning qator mamlakatlarida koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashuvi natijasida karantin hattoki ijtimoiy va iqtisodiy sohalar faoliyatini to‘xtatish kabi cheklovlar hamon davom etmoqda.
Respublika maxsus komissiyasi xalqimizdan koronavirus infeksiyasini tarqalishini oldini olish maqsadida sanitariya-epidemiologik qoidalarga qat‘i rioya etishlari hamda mamlakatimizda epidemiologik barqarorlikni ta‘minlash borasida erishilgan bugungi vaziyatni bardavom bo‘lishi uchun shaxsiy mas‘uliyatni oshirishlarini so‘rab qoladi”, — deyiladi bayonotda.