2018-yilning 10-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi delegatsiya Kuvayt Davlatiga tashrifi chog‘ida Kuvayt Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Mudofaa vaziri shayx Nasir Sabah al-Ahmad al-Sabah va Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Sulayman al-Sayid bilan uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Ikki tomon kun tartibidagi asosiy masalalar muhokama qilindi.
Kuvayt rahbarlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘zlagan tashqi va ichki siyosatini qo‘llab-quvvatladi va uning rahbarligida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi.
Muzokaralarda hamkorlikni yanada rivojlantirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi tasdiqlandi. Kuvayt kompaniyalari O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga investitsiya kiritishga tayyor ekanligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining birinchi majlisini 2018-yil iyul oyida Toshkent shahrida o‘tkazish hamda Kuvayt va O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov ochilishi muhim ahamiyatga ega.
Kuvayt tomoni O‘zbekiston hukumatining Kuvayt fuqarolariga soddalashtirilgan tartibda viza berish bo‘yicha qarorini minnatdorlik bilan qayd etdi.
Uchrashuvlarda mamlakatda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning aniq yo‘nalishlari, Kuvayt universiteti huzuridagi Tilllarni o‘rganish markazida O‘zbekiston vakillari o‘qitish istiqbollari, shuningdek, arab tili o‘qituvchilarini mamlakat ta’lim muassasalarida dars berish uchun jo‘natish masalalari ham muhokama qilindi.