Pentagon va NATO harbiylari, rus harbiy suvosti kemalari faollashayotganidan ogohlantirayapti, deb yozmoqda The New York Times nashri.
AQSH harbiy dengiz kuchlarining Yevropa va Afrikadagi bo‘linmalari qo‘mondoni admiral Mark Fergyusonning ma'lum qilishicha, rus kemalarining patrullik qilishi oxirgi yilda qariyb 50 foizga ko‘paygan.
Nashr hisob-kitoblariga binoan, rus suvosti kemalari soni Skandinaviya, Shotlandiya, O‘rta yer dengizi va Atlantika okeani shimoliy qismida ko‘proqdir. Bu holat so‘nggi 20 yillar davomida ilk bor kuzatilmoqda.
NYT gazetasi, Rossiya harbiy dengiz kuchlari ixtiyorida, shovqinsiz va yaxshi qurollangan yangi rusumdagi suvosti kemalari paydo bo‘lganini e'tirof etib, ekipaj a'zolarining mahorati ham o‘sganini ta'kidlagan. Shuningdek, Rossiya yadro arsenali modernizatsiya qilinmoqda, mamlakatning kiberhududdagi imkoniyatlari tobora kengayib bormoqda.
«Biz buyuk davlatlar raqobatlashuviga qaytdik», — degan fikrni bildirgan AQSH HDK shtabi rahbari admiral Jon Richardson. Shu munosabat bilan, AQSH mudofaa vazirligi suvosti floti va kemalarga qarshi qurollarini moliyalashtirishni kuchaytirish niyatida. Pentagon ma'muriyati, "Virjiniya" rusumidagi 9ta suvosti kemasini xarid qilish uchun 8,1 mlrd. dollar ajratishni taklif etmoqda. Ularning har biri 40 ta «Tomagavk» raketasi bilan jihozlanishi mumkin.
Bundan tashqari, Islandiyadagi Keflavik bazasini modernizatsiya qilish uchun 20 mln. dollar ajratish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Pentagon tadqiqotchilari, rus suvosti kemalarining shifrlangan muloqotini tutish texnologiyasi ustida ish olib bormoqdalar. Submarinalar ortidan kuzatib yuruvchi ekipajsiz ovchi-kemalar sinovi ham poyoniga yetkazilmoqda.
|