
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov joriy yilning 2 sentyabr kuni xastalik sabab 78 yoshida olamdan ko‘z yumdi. Marhum o‘zining vasiyatiga binoan tug‘ilib o‘sgan ona shahri Samarqandga dafn etildi. Dafn marosimiga 17 davlat delegatsiyalari va xalqaro tashkilotlar vakillari tashrif buyurishdi. Ular orasida Rossiya Federetsiyasi bosh vaziri Dmitriy Medvedev va Qozog‘iston Respublikasi bosh vaziri Karim Masimov ham bor edi. Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Nursulton Nazarboyev va Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin shu kuni Xitoyda bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida ishtirok etishlari munosabati bilan dafn marosimiga kela olishmadi. Biroq 6 sentyabr kuni Vladimir Putin Samarqandga kelib, Islom Karimov qabriga guldasta qo‘ydi va marhumning oila a'zolari bilan uchrashib, ularga ta'ziya bildirdi.
Bugun, 12 sentyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning qabrini ziyorat qilish uchun Samarqandga keldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Islom Karimov qabrini ziyorat qildi
Nursulton Nazarboyev va Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo‘ydilar va uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Islom Karimov ruhi poklariga Qur'on tilovat qilindi.
Nursulton Nazarboyev Islom Karimov qadrdon do‘sti bo‘lgani, bir-birini hamisha tushungani va qo‘llab-quvvatlagani, birgalikda xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlagani, Prezidentimiz O‘zbekistonning bugungi tinchlik va farovonlikka erishishi uchun ulkan xizmatlar qilganini alohida qayd etdi. Islom Karimovning vafoti butun mintaqa, xususan, Qozog‘iston xalqi uchun ham katta yo‘qotish ekanini ta'kidladi.